21:15 / 21.05.2020
23396
Tanzila Norboyeva Kattaqo‘rg‘onga bordi. Shaharda 2ta OTM ochilishi mumkin

Bugun, 21 may kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Kattaqo‘rg‘on shahriga bordi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati Kun.uz`ga ma'lum qildi.

Foto: Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi matbuot xizmati

Xabar qilinishicha, 13 may kuni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektorda Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlaridagi 1200 gektar lalmi va yaylov yerlarni Kattaqo‘rg‘on shahri aholisiga foydalanishga berish orqali 5 ming kishini ish bilan ta'minlash vazifasi qo‘yilgan.

Shaharda aholi bandligini ta'minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh 3 kun davomida prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishga doir dastur ishlab chiqqan.

Senat raisi ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan obektlarda bo‘ldi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova shaharda ikkita institut tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Foto: Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi matbuot xizmati

Pedagogika yo‘nalishidagi oliygoh tashkil etish uchun sobiq akademik litsey binosi tavsiya etildi.

Mazkur bino o‘quv korpusi, kutubxona, talabalar turar-joyi va sport maydonchasidan iborat kompleks majmua bo‘lib, zamonaviy talablarga javob beradi.

Shuningdek, transport kolleji o‘rnida shu nomdagi qurilish va transport sohasida oliy o‘quv yurti tashkil etish mo‘ljallanyapti.

Tanzila Norboyeva loyihalar bilan tanishar ekan, bo‘lajak institutlarning kadrlar salohiyati va talabalarni qamrab olish imkoniyati bilan qiziqdi.

Foto: Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi matbuot xizmati

Senat raisi Davlatobod ko‘chasi atrofida quriladigan ko‘p-qavatli uylar reja-loyihasini ko‘zdan kechirdi. Mavjud uylar o‘tgan asrning o‘rtalarida qurilgan bo‘lib, bugungi kunda ayanchli ahvolga kelib qolgan.

Shuningdek, «Ingichka» shaharchasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar bilan ham tanishilgan.

Senat raisi Kattaqo‘rg‘on shahrida tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning taklif va muammolarini eshitishi ham rejalashtirilgani aytilmoqda.

Ma'lumot uchun, Kattaqo‘rg‘on shahrini rivojlantirish bo‘yicha 8ta yo‘nalishni qamrab olgan ishchi guruh tuzilgan, deyiladi shahar hokimligi matbuot xizmati xabarida

Top