16:32 / 21.05.2020
4548
Turkiya O‘zbekistonga 50ta sun'iy nafas olish uskunasini beg‘araz taqdim etdi

Turkiya jumhuriyati yangi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq sharoitlarda og‘ir bemorlarga sun'iy nafas olishlarini ta'minlovchi 50 dona uskunani O‘zbekistonga beg‘araz taqdim etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Xalqaro miqyosdagi pandemiya sharoitida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi gumanitar hamkorlik doirasida yana bir muhim natijaga erishildi. Turkiya tomoni yaqindagina mamlakat mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarilishi yo‘l qo‘yilgan va koronavirus bilan og‘rigan bemorlarni davolashda suv va havodek zarur bo‘lgan eng zamonaviy sun'iy nafas olish apparatlaridan 50 donasini O‘zbekistonga beg‘araz asosda taqdim etishga qaror qildi.

Mazkur qaror yaqindagina qabul qilinganiga qaramasdan, Turkiyadagi o‘zbek diplomatlarining olib borgan tezkor muzokaralari va sa'y-harakatlari natijasida gumanitar yukni bir kun ichida rasmiylashtirish va 21 maydagi Istanbul-Toshkent reysi bilan O‘zbekistonga yuborishga muvaffaq bo‘lingan.

Ma'lumot uchun: Ushbu sun'iy nafas uskunasi xalqaro pandemiya e'lon qilinishi bilanoq Arçelik, ASELSAN, Baykar Makine va Biosys kabi turk firmalarining 120 dan ortiq mutaxassislarining izlanishlari natijasida ishlab chiqilgan. Loyiha bevosita Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanoat va texnologiyalar vazirligi hamkorligida qo‘llab-quvvatlangan. Uskunalarni seriyaviy ishlab chiqarish “Arçelik” firmasining Istanbuldagi fabrikasida yaqindagina yo‘lga qo‘yildi.

Qayd etish kerak, sun'iy nafas olish uskunalari COVID-19 bilan og‘rigan va og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolashda hayotiy ahamiyat kasb etadi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top