00:28 / 21.05.2020
10460
Uhanda yovvoyi hayvonlarni yeyish, ov qilish va sotish to‘liq taqiqlandi

Koronavirus ilk bor qayd qilingan Xitoyning Uhan shahrida yovvoyi hayvonlarni yeyish, ov qilish va sotish to‘liq taqiqlandi. Taqiqlov 5 yil davomida kuchda bo‘ladi. 

Foto: Aly Song / Reuters

Bu haqda shahar ma'muriyati ma'lum qilgan. Ushbu qaror koronavirus infeksiyasi hayvonlardan odamlarga yuqqani taxmin qilib kelinayotgani sababli qabul qilingan.

“Yovvoyi hayvonlarni iste'mol qilish, ularga ov qilish, noqonuniy savdosi hamda iste'mol qilish uchun tutqunlikda ko‘paytirish to‘liq taqiqlanadi”, deyilgan xabarda.

Jumladan, quruqlikda yashovchi barcha hayvonlar, jumladan davlat tomonidan muhofaza qilinuvchi, tabiiy muhitda o‘sgan, insonlar tomonidan o‘stirilgan yovvoyi hayvonlarni va ulardan tayyorlangan mahsulotlarni iste'mol qilish taqiqlanadi.

Ushbu farmon yo‘qolish xavfi ostida bo‘lgan kamyob hayvonlar hamda iste'mol qilinishi qonun va me'yoriy-huquqiy hujjatlar bilan taqiqlangan hayvonlarni ham o‘z ichiga oladi.

Bozorlar, internet savdo maydonchalari, do‘konlar va boshqa savdo nuqtalarida yovvoyi hayvonlar savdosiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, har qanday tashkilot yoki jismoniy shaxslarning yovvoyi hayvonlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlarni iste'mol qilishga chaqiruvchi reklama joylashtirishi man qilinadi. 

Avvalroq Xitoyning Tszilin provinsiyasida koronavirusning avj olishi sababli 108 mln kishi karantinga olingandi. Mahalliy aholi mamlakatda epidemiya tugagan deb hisoblangani sababli bundan sarosimaga tushib qolgan. Koronavirus tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida provinsiya bilan temir yo‘l va avtobus aloqasi to‘xtatilgan, maktablar yopilgan, qat'iy karantin choralari kiritilgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top