08:31 / 21.05.2020
3824

Yaponiya Xalqaro koinot stansiyasi tomon fazogirsiz kemani muvaffaqiyatli jo‘natdi

Yaponiya Xalqaro koinot stansiyasi tomon “Konotori-9” (Laylak-9) fazogirsiz kemasini muvaffaqiyatli jo‘natdi. Kema XKS bilan 25 may kuni tutashishi kerak.

Bu haqda Yaponiyaning aerokosmik tadqiqotlar agentligi ma'lum qildi.

Kema raketa-tashuvchi yordamida Tanegasima kosmodromidan uchirilgan. U raketadan 280 km balandlikda ajralgan va hozirda belgilangan trayektoriya bo‘yicha harakatlanmoqda. Kema XKSga 25 may kuni yetib kelib, u bilan birikish uchun robotlashtirilgan manipulyator yordamida tutib olinadi. Kema stansiyaga 6 tonna qurilma va boshqa zarur yukni, jumladan dunyodagi birinchi kosmik robot-avatarni yetkazadi.

Bu parvoz “Konotori”ning joriy versiyasining so‘nggi parvozi hisoblanadi. Yaponiya keyinchalik kemaning kattaroq sig‘imdorlikka ega modernizatsiya qilingan versiyasini qo‘llamoqchi.

Ta'kidlanishicha, koronavirus pandemiyasi sababli aerokosmik tadqiqotlar agentligining ko‘plab xodimlari masofadan ishlashga o‘tkazilgan. Shu sababli kema uchirilishi videoanjuman rejimida amalga oshirilgan. Bundan tashqari, start maydonchasi koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiy xodimlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘k rang bilan yorug‘lantirib turilgan.

Yaponiyaning birinchi yuk kemasi “Konotori-1” 2009 yilda uchirilgan. U o‘sha yilning 10 sentyabrida stansiya tomon uchirilib, bir haftadan keyin unga tutashgan. Bu seriyadagi kemalardan oxirgisi - “Konotori-8” 2019 yil sentyabrda uchirilgandi. O‘shanda u XKSga Yer bilan optik telekommunikatsiyani amalga oshirishga mo‘ljallangan qurilmani yetkazgan.

Mavzuga oid
Top