11:00 / 22.05.2020
69383
Birgalikda Buxoroga yordam beramiz - Kun.uz`da tabiiy ofat jabrlanuvchilari uchun xayriya aksiyasi

Kun.uz tahririyati «Sardoba» suv omboridagi ofatdan jabrlanganlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatish maqsadida «Sirdaryoga yordam» xayriya aksiyasini e'lon qilgan edi.

Aksiya doirasida ko‘rsatilgan bank kartalariga kelib tushgan 236 mln so‘mga yaqin mablag‘ tahririyat xodimlari tomonidan Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi talafotdan jabr ko‘rgan 118ta oilaga 2 mln so‘mdan tarqatildi.

Hozirgi vaqtda hukumat tomonidan talafotdan jabr ko‘rgan sirdaryoliklarga pul mablag‘lari tarqatilib, yangi uylar qurish va eskilarini ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Sirdaryoliklarga yetarlicha e'tibor qaratilmoqda. Xuddi shunday aksiyani endi buxorolik vatandoshlarimiz uchun ham tashkil etmoqchimiz.

27 aprel oqshomida O‘zbekistonning qator hududlarida kuzatilgan kuchli shamol ayniqsa Buxoro viloyatida katta talafotlarga sabab bo‘ldi.

Tabiiy ofat oqibatida bir kishi halok bo‘lib, 40dan ortiq inson jarohat oldi. Elektr energiyasi, gaz ta'minoti va boshqa infratuzilma obektlariga zarar yetdi.

Buxoro viloyatidagi 5300ga yaqin binoning tomi ta'mirtalab ahvolga kelib qoldi, shundan 4800tasi – yakka tartibdagi aholi uy-joylaridir.

Viloyatning Turkmaniston bilan chegaradosh Olot, Qorako‘l va Romitan tumanlarida ayniqsa talafot katta bo‘lgan. Shuningdek, Kogon va Shofirkon tumanlarida ham zarar ko‘rganlar bor. Ushbu tumanlardan, uyini ta'mirlashga qurbi yetmayotgan ko‘plab vatandoshlarimizdan tahririyatimizga murojaatlar kelib tushmoqda.

Shu sababli Kun.uz muborak Ramazon oyida talafotdan jabr ko‘rgan buxoroliklarga yordam qo‘lini cho‘zish istagida bo‘lganlar uchun xayriya aksiyasi tashkil etmoqda.

Savobtalab tadbirkorlar, barcha sohalar vakillari va xorijdagi fuqarolarimizni «Buxoroga yordam» xayriya aksiyasida ishtirok etishga chorlab qolamiz.

Kelib tushgan pul mablag‘lari muxbirlarimiz tomonidan kuchli shamoldan jabr ko‘rgan buxoroliklarga olib borib beriladi. Har bir vatandoshimiz bilan birma-bir gaplashib, yig‘ilgan ehsonlarni ularning o‘z qo‘llariga berishni niyat qildik.

Yordam tariqasida o‘tkazib bermoqchi bo‘lgan mablag‘ingizni tahririyatga tegishli quyidagi bank plastik kartalariga ko‘chirishingiz mumkin:

Uzcard: 8600 0417 3756 6308 (Mahsudjon Asqarov nomiga ochilgan)

HUMO: 9860 0301 0195 8517 (Mahsudjon Asqarov nomiga ochilgan)

Visa Card: 4231 2000 0029 0931 (Tolib Rahmatov nomiga ochilgan)

Sberbank: 4276 3801 5887 0969 (Tolibjon Rahmatov nomiga ochilgan)

Bank hisob raqamdan pul o‘tkazmoqchi bo‘lgan yuridik shaxslar uchun:

8600 0417 3756 6308 (Mahsudjon Asqarov nomiga ochilgan)

Filial nomi: "Agrobank" ATB Toshkent shahar filiali

STIR 201200124

MFO 00394

Tranzit raqami: 2312 0000 9000 0039 4001

Aziz yurtdoshlar, tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan vatandoshlarimizni yolg‘izlatib qo‘ymaylik. Qo‘limizdan kelgunicha, imkoniyatimiz yetgan qadar Buxoro ahliga dalda bo‘laylik.

Pandemiya tufayli aholining moddiy ahvoli og‘irlashgan vaqtda sizning e'tibor va saxovatingiz hamyurtlarimizga katta ko‘mak va quvonch olib kelishi shubhasiz.

Muborak Ramazonning so‘nggi kunlaridagi ehsonlaringiz oxiratda nur bo‘lib yo‘lingizni yoritsin. Unutmaylikki, «yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir».

Bu sinovlarni birgalikda yengamiz!

Mavzu
Buxoro viloyatidagi bo‘ron
2020 yil 27 aprel kuni kechasi O‘zbekistonning qator hududlarida, ayniqsa Buxoro viloyatida kuchli shamol ko‘plab talafotlarga sabab bo‘ldi
Barchasi
Top