17:11 / 22.05.2020
27305
Buxoroda inqirozga qarshi jamg‘armaning 200 mln so‘mdan ortiq mablag‘i talon-toroj qilindi

Viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi markaz dezinfeksionisti bilan kelishgan holda unga tegishli korxonadan dezinfeksiya vositasini 1,5 barobar qimmatga sotib olgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Xabar qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda Moliya vazirligining Buxoro viloyatidagi inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga ajratilgan pul mablag‘larining maqsadli sarflanishi o‘rganib chiqilgan.

O‘rganish jarayonida juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingani ma'lum bo‘lgan.

Aniqlanishicha, Buxoro viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga pandemiya sharoitida dezinfeksiya vositalarini xarid qilishda mahsulotlarni maqbul narxlarda yetkazib beruvchi korxonalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish imkoniyati berilgan bo‘lsa-da, markaz bosh vrachi B.B. va vrach-dezinfeksionisti A.H.lar oldindan til biriktirib, A.H.ning o‘zi ta'sischi bo‘lgan «V-S» MChJ orqali 395,4 mln so‘mlik 14,9 tonna gipoxlorid kalsiy dezinfeksiya vositasini 600 mln so‘mga, ya'ni 204,6 mln so‘mga qimmat narxda xarid qilishgan.

Tekshiruv davomida bosh vrach B.B. tomonidan 202,5 mln so‘m zarar qoplangan.

Holat yuzasidan B.B. va A.H.larga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Qamashida un mahsulotlarini talon-toroj qilish holati aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qamashi tuman bo‘limi tomonidan viloyat IIB va DSI xodimlari bilan hamkorlikda «Y-Invest» MChJning tadbirkorlikka oid huquqlarini himoya qilish borasida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Natijada fuqaro I.G‘. o‘z uyida hech qanday hujjatlarsiz «Yakkabog’ Don» filialida ishlab chiqarilgan 11,3 tonna 1-navli hamda Qozog‘iston Respublikasida ishlab chiqarilgan 20,7 tonna unni qayta sotish maqsadida saqlab turgani aniqlangan.

Shuningdek, tadbir davomida fuqaro M.Sh. va boshqalar 06.05.2020 yilda «Y-Invest» MChJ tomonidan berilgan ishonchnomaga asosan «Yakkabog’ Don» filialidan olingan 34,8 mln so‘mlik 14 tonna unni jamiyatga olib bormasdan, I.G‘.ning uyiga olib borib, unga har bir qopini 150 ming so‘mdan hisoblab 42 mln so‘mga sotib yuborib, o‘ziga ishonib topshirilgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Holat yuzasidan fuqaro M.Sh., «Yakkabog’ Don» filiali moddiy javobgar shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top