08:01 / 22.05.2020
10783
Jurnalist Jamol Qoshiqchi oilasi uning qotillarini kechirishini ma'lum qildi 

Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulxonasida 2018 yil oktyabrda o‘ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi oilasi bu jinoyatda ayblanayotganlarni kechirishini ma'lum qildi.

Foto: EPA/ALI HAIDER

Bu haqdagi xabar jurnalistning o‘g‘li Saloh Qoshiqchining tvitterdagi sahifasida e'lon qilingan.   

“Biz, Jamol Qoshiqchi o‘g‘illari bu muqaddas oyning ushbu saxovatli tunida otamizni o‘ldirganlarni kechiramiz”, deyilgan xabarda.

Ar-Riyod siyosatining tanqidiy maqolalari bilan ma'lum bo‘lgan jurnalist 2017 yildan AQShda yashab kelgan va The Washington Post nashri uchun maqolalar yozgan. U Istanbuldagi konsulxonaga 2018 yil 2 oktyabrda hujjatlarni rasmiylashtirgani kelgach, izsiz yo‘qolgan. Shundan keyin uning o‘ldirilgani va buni Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon shaxsan buyurgani haqida taxminlar paydo bo‘lgan. 20 oktyabrda Saudiya Arabistoni hukumati jurnalist konsulxonada yuz bergan mojora vaqtida o‘ldirilganini ma'lum qilgan. Dunyo hamjamiyati ushbu jinoyatni qoralab, Ar-Riyoddan u bo‘yicha ochiq-oydin tergov o‘tkazishni talab qilgan.  

Ar-Riyodning ta'kidlashicha, dastlab jurnalistni Saudiya Arabistoniga olib chiqib ketishmoqchi bo‘lgan.

Saudiya Arabistoni ushbu jinoyatning tergovi bo‘yicha 2018 yil noyabrda qotillikka aloqador 11 saudiyalikka ayblovlar ilgari surgan. 

2019 yil dekarbda ayblanuvchilardan 5 nafariga o‘lim jazosi tayinlangan, yana 3 kishi umumiy hisobda 24 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 

Biroq 2020 yil 25 mart kuni Istanbul prokuraturasi Qoshiqchining o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumon qilinayotgan 18 kishiga nisbatan sudga da'vo arizasi tayyorlagan. Prokuratura aybdorlar uchun umrbod qamoq jazosi berilishini talab qilmoqda.

Mavzu
Jamol Qoshiqchining o‘limi
The Washington Post nashri uchun ishlaydigan jurnalist Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi binosiga kirib ketgach, izsiz yo‘qoldi
Barchasi
Top