01:34 / 22.05.2020
27627
Komendantlik soati va jamoat joylarida yangi cheklovlar. Dunyo mamlakatlari bu yil Ramazon hayitini qanday kutmoqda?

Qariyb yarim yildan beri davom etayotgan epidemiya shiddati hamon pasaygani yo‘q. Shu bois juda ko‘plab milliy va xalqaro miqyosdagi uchrashuvlar, tadbirlar, ommaviy sport musobaqalari va bayramlar bekor qilinishi davom etmoqda. Afsuski, diniy bayramlar, xususan, bu yilgi Ramazon bayrami tadbirlarining o‘tkazilishi bilan bog‘liq jarayonlar ham bundan chetda qolayotgani yo‘q. Ko‘plab musulmon mamlakatlarida koronavirusga qarshi kurash doirasida Ramazon bayrami kunlarini ham qamrab oluvchi cheklovlar joriy etishga majbur bo‘lishmoqda.

Foto: Getty Images

Xo‘sh, pandemiya sharoitida dunyo musulmon mamlakatlari bu yilgi Ramazon bayramini qanday nishonlaydi? Ramazon bayrami namozi o‘qiladimi?

Quyida ayrim mamlakatlar misolida shu xususda ma'lumot beriladi.

Turkiya

Covid-19 epidemiyasiga qarshi kurashish doirasida ushbu mamlakatning 81 viloyatida arafa kuni va Ramazon bayramini ham qamrab oluvchi 4 kunlik komendantlik soati joriy etildi. Shu tufayli bayram kuni tongda masjidlarda bayram namozi o‘qilmaydi. Bu haqda mamlakatning diniy ishlar bo‘yicha Oliy kengashi raisi o‘rinbosari Zeki Sayar ma'lum qildi. U musulmon birodarlarga bayram kuni erta turishni, Qur'on o‘qishni va zikr qilishni, shu orqali bu yilgi bayramga jon kiritishni maslahat bergan.

Avvalroq Diyonat ishlari vaziri Ali Erbosh bayram namozi haqida bayonot bergandi.

«Bayram namozi o‘qiladigan payt musulmonlardan shukr va tafakkur qilishlarini, bayram namozi onlarini o‘zlari va oilalari, qolaversa, butun insoniyat uchun duo qilib kechirishlarini so‘rayman. To‘g‘ri, avvalgi yillardagi kabi yaqinlarimizni ziyorat eta olmaymiz, ammo telefonlar va raqamli texnologiyalar yordamida ularni albatta bayram bilan tabriklaylik, bayram go‘zalligini yashaylik», dedi u.

Saudiya Arabistoni

Bu mamlakatda ma'murlar 24 soatlik komendantlik soati 23 may kuni Iyd al-Fitr bayrami boshlanishi kutilayotgan paytda kuchga kirishini e'lon qildi. Ushbu cheklov 27 may, ya'ni bayramning so‘nggi kuniga qadar saqlanib qoladi.

Ushbu holat qirollikda yashovchilar uchun cheklovlar kuchayganini anglatadi. Hayit bayrami arafasida Saudiya Arabistoni fuqarolari va aholisiga ertalab soat 09:00dan soat 17:00ga qadar erkin harakatlanishga izn berilgandi.

Saudiya Arabistoni muftiysi shayx Abdulaziz ash-Shayx bayram namozini uyda o‘qish uchun fatvo berdi.

«Hozirgi pandemik vaziyatga o‘xshash bo‘lgan alohida sharoitlarda Ramazon namozini uyda o‘tkazishga ruxsat berilgan», dedi u «Saudi Gazete»ga bergan intervyusida.

Misr

Misrda komendantlik soati sahar soat 4:00dan kechqurun 17:00gacha davom etishi va 24 may – bayram kunidan e'tiboran olti kunga jamoat transporti to‘xtatilishi ma'lum qilindi. Ramazon oyi oxirida do‘konlar, restoranlar, parklar va plyajlar dam olish uchun yopiladi. 

Marokash

Covid-19 tadbirlari doirasida masjidlar yopilgani tufayli ushbu mamlakatda Ramazon bayrami namozini uyda o‘qish to‘g‘risida fatvo berildi. Marokash Oliy Ilmiy Kengashining yozma bayonotida Covid-19 tarqalishi xavfi mavjudligi tufayli uylarda bayram namozini o‘qish joiz ekani aytildi.

Jazoir

Mamlakat bosh vazirining yozma bayonotida Ramazon bayramining birinchi kunidan boshlab jamoat joylarida niqob taqish majburiy ekanligi, ko‘rsatmalarga rioya qilmaganlar jazolanishi aytildi.

Avvalroq hukumat Covid-19 tadbirlari doirasida Ramazon bayramining dastlabki ikki kunida 18 soatlik komendantlik soati joriy etilishini ma'lum qilgandi.

Shuningdek, Livan, Iordaniya va boshqa musulmon mamlakatlari ham bayram arafasida to‘liq komendantlik soatlarini e'lon qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda Ramazon hayiti 24 may kuni nishonlanadi. Bayram karantin talablariga muvofiq, xalqimizning milliy va diniy an'analariga mos ravishda o‘tkazilishi belgilangan.

Yaqin vaqtlar ichida O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2020 yil Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi Bayonoti e'lon qilinishi kutilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top