00:12 / 22.05.2020
29203
Ramzan Qodirov Covid-19 yuqtirib olishda gumonlanmoqda. U virus vahima qiladigan narsa emasligini aytgandi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov koronavirus yuqtirib olishda gumonlanib kasalxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqaldi. Grozniyda esa bunga munosabat bildirmagan holda «Qodirov kasallik tarqalishini shaxsan nazorat qilayotgani»ni aytishmoqda.

Foto: CHGTRK GROZNY VIA TASS

Qodirovda virus aniqlangan bo‘lishi mumkinligi haqida dastlab Baza telegram kanali yozdi.

Keyinroq «Interfaks» o‘z manbalariga asoslanib Qodirov shifokorlar nazoratida bo‘lib turganini xabar qildi. Agentlik Qodirov aynan qayerda bo‘lib turganini yozmagan, ammo uning salomatligi haqidagi ma'lumotni «Moskvadagi tibbiyot odamlaridan biri»ga asoslanib tarqatdi. Bu esa Qodirov Moskvaga olib ketilgan bo‘lishi mumkinligini anglatardi.

Keyinroq TASS axborot agentligi ham «tibbiyot olami vakillari»ga asoslanib Qodirov samolyotda Moskvaga olib ketilgani haqida yozdi. Bu gal uning ahvoli barqaror ekani ta'kidlandi.

Baza telegram kanalida Qodirov bilan birga «Grozniy» telekanali rahbari Ahmad Dudayev hamda Checheniston sog‘liqni saqlash vaziri Elxan Sulaymonovda ham virus aniqlangan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berildi. Biroq Ahmad Dudayev TASS muxbiri bilan suhbatda ishda ekani va faoliyatini davom ettirayotganini aytgan.

Dudayevning taxmin qilishicha, Checheniston sog‘liqni saqlash vaziri Sulaymonov koronavirus haqida ma'lumotlarni berib boruvchi har kunlik onlayn hisobot dasturida ko‘rinmay qolgani uchun uning virusga chalingani haqida mish-mish tarqalgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirning efirda ko‘rinmayotgani ish grafigi tig‘izligi bilan bog‘liq va bundan buyon hisobot dasturlarida uning o‘zi qatnashadi.

Checheniston rahbarining norasmiy yordamchilaridan bo‘lgan Dudayev Qodirovning salomatligi haqida aniq gap aytmadi: «Respublika rahbari Ramzan Qodirov vaziyatni shaxsan nazorat qilmoqda. Shtab (koronavirusga qarshi shtab nazarda tutilmoqda – tahr.) faoliyati uning nazoratida ishlamoqda».

Qodirov va koronavirus

Ramzan Qodirov avvaliga koronavirus masalasiga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘ldi. Mart oyida u odamlarga murojaat qilib vahima qilish o‘rniga limonli suv, asal bilan immunitetni mustahkamlashni, ko‘proq sarimsoq yeb qonni tozalashni tavsiya qilgandi. Keyinchalik Chechenistonda keskin karantin joriy etildi.

Federatsiyadagi eng keskin cheklov o‘rnatilgan hududlardan biri aynan Checheniston bo‘ldi. Grozniyga kirishga faqat Checheniston propiskasi borlarga ruxsat berildi. Respublikaning barcha hududlarga komendantlik soati ko‘rinishida kuchli nazorat o‘rnatildi. Ko‘chaga chiqish uchun oilaning faqat bir nafar a'zosiga ruxsat berildi.

Qodirov respublika chegaralarini yopish haqida topshiriq bergach, Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning tanqidiga uchradi. Hukumat rahbari hududiy rahbarlar bunday qaror qabul qila olmasligini eslatdi. Qodirov bosh vazirning tanqidiga javob berar ekan, unga noto‘g‘ri ma'lumot berishgani, respublika hududidan mahsulotlar olib o‘tish cheklanmaganini aytdi.

21 may holatiga ko‘ra Chechenistonda 1 026 kishida koronavirus aniqlangan va ularning 635 nafari tuzalgan. Virus 11 kishining umriga zomin bo‘lgan.

O‘tgan haftada Qodirov respublikadagi kasalxonalardan biridagi shifokorlarni ishdan bo‘shatishni buyurgandi.

Gap shundaki, ular tibbiyot vositalari yetishmayotganidan shikoyat qilishgan. Shifokorlarning tibbiy vositalari yetishmayotgani haqidagi majlisi videosi internetda tarqalgan va keyinchalik o‘sha shifokorlar «Grozniy» telekanali efirida kechirim so‘rab chiqishgandi. «Provakatorlarni bo‘shatish kerak. Bizda hamma narsa yetarli – niqob, kostyum, jihozlar hammasi», degandi Qodirov.

Ma'lumot uchun, 44 yoshli Ramzan Qodirov 2007 yil 5 apreldan buyon Chechenistonni boshqarib keladi.

Avvalroq koronavirus Rossiya hukumati a'zolaridan bosh vazir Mixail Mishustinda, madaniyat vaziri Olga Lyubimovada, qurilish vaziri Vladimir Yakushev va uning o‘rinbosari Dmitriy Volkovda hamda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovda aniqlangandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top