18:52 / 22.05.2020
28018
Sirdaryoga yetib borgan quruvchi va hasharchilar soni ma'lum qilindi

Toshqin yuz bergan hududlarni tiklash uchun 11 ming nafardan ortiq quruvchi va hasharchilar ko‘makka kelgan.

Foto: Kun.uz

Ushbu quruvchi va hasharchilar joylashgan 17ta obektda jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta'minlashga 120 nafar Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari jalb qilingan.

Bu haqda Milliy gvardiya tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘limi boshlig‘i To‘lqin Qodirov 22 may kungi brifingda ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish tadbirlariga Milliy gvardiyaning 2500dan ortiq shaxsiy tarkibi, 140ga yaqin maxsus texnika va transportlari safarbar etilgan.

Shuningdek, 3000dan ortiq xonadonlardan fuqarolar yuklari ko‘chirilgan, qurilish chiqindilari olib chiqilgan.

Sardoba tumanining «Do‘stlik» mahallasidagi 715ta xonadonda ko‘chirish va tozalash ishlari yakunlandi. Ushbu mahalladan 762ta hujjat topilib, egalariga topshirildi.

Toshqin oqibatida 76ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga keldi.

Talafot ko‘rgan aholi orasida 5 mingdan ortiq profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, jabrlanuvchilarga davlat tomonidan yangi uylar qurib berilishi yuzasidan tushuntirish berilgan.

Eslatib o‘tamiz, texnogen ofat oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 2 570ta uy-hovli va 76ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan edi.

Shuningdek, 1 781ta hovli, 52ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan. 70ta ijtimoiy obekt, 20 ming gektarga yaqin ekin maydoni, 828 km yo‘l, elektr, gaz, ichimlik suv, aloqa tarmoqlariga talafot yetgan.

Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joylari butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan aholi uchun 3ta massivda jami 2 ming 640 kvartirali 66ta 5 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

 Sardoba tumanidagi “Do‘stlik” MFYdagi massivda 37ta 5 qavatli uy qurilishi boshlangan.

13 may kungi videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoyev boshqa viloyatlar rahbarlariga Sirdaryodagi uysiz qolganlar uchun uy qurib berish bo‘yicha topshiriq bergan, unga ko‘ra har bir viloyatga imkoniyatidan kelib chiqib 100dan ortiq xonadon biriktirilgandi.

14 may kuni boshqa viloyatlardan hokimlar boshchiligidagi yuzlab mutaxassislar Sirdaryoga yetib keldi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top