10:04 / 22.05.2020
2621
Xorijda ilmiy unvonlar olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi e'lon qilindi

Xorijiy davlatlarda ilmiy unvonlar olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy davlatlarda ilmiy unvonlar olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, xorijiy davlatlarda ilmiy unvonlar olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri (ekspertizasiz) tan olish O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot (ITM) muassasalari kengashlarining murojaatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlarda ilmiy unvonlar olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish muvofiq sxema bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlarda ilmiy unvonlar olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobari miqdorida yig‘im undiriladi.

Yig‘im summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:

a) Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etganda:

20 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi budjetdan tashqari jamg‘armasining shaxsiy hisob raqamiga o‘tkaziladi;

60 foizi — Oliy attestatsiya komissiyasining hisob raqamiga;

20 foizi — O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga o‘tkaziladi;

b) YaIDXP orqali murojaat etilganda:

10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi budjetdan tashqari jamg‘armasining shaxsiy hisob raqamiga o‘tkaziladi;

10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUKning hisob raqamiga o‘tkaziladi;

60 foizi — Oliy attestatsiya komissiyasining hisob raqamiga;

20 foizi — O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga o‘tkaziladi

Xorijiy davlatlarda ilmiy unvonlar olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish O‘zbekiston Respublikasi OTM/ITM kengashi tavsiyasiga muvofiq OAK tomonidan amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlarda ilmiy unvonlar olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarning haqiqiyligini aniqlash OTM/ITM tomonidan amalga oshiriladi. Zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijiy davlatlarning oliy ta'lim muassasalari yoki ilmiy markazlarida ilmiy unvonlar berilgani to‘g‘risidagi ma'lumotlarni olishda OTM/ITMga ko‘maklashadi.

Xorijiy davlatlar attestatsiya organlari tomonidan 1992 yil 1 yanvarigacha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab va ishlab turgan chet el fuqarolariga berilgan ilmiy unvonlar haqidagi hujjatlarni tan olish talab etilmaydi.

Xorijiy davlatlarda ilmiy unvonlar olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun OTM/ITM kengashi tomonidan bevosita Davlat xizmatlari agentligi yoki YaIDXP orqali ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qilinadi.

Davlat xizmatlari agentligiga murojaat qilinganda OTM/ITM nomidan davlat xizmatlari markazi xodimi, YaIDXP orqali murojaat qilinganda OTM/ITM ilmiy kotibi xorijiy davlatda ilmiy unvon olganlik to‘g‘risidagi hujjatini tan olish haqidagi so‘rovnomani to‘ldiradi.

Xorijiy davlatda ilmiy unvon olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish uchun so‘rovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

a) OTM/ITM rahbari imzolagan yo‘llanma xat. Xatda talabgorning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va joyi, ish joyi va lavozimi, shuningdek, qachon va qaysi davlatda ilmiy unvon attestatini olganligi, ilmiy unvonning rasmiy nomi, xorijda olingan hujjatning berilgan kuni, seriyasi va raqami hamda OTM/ITM kengashi majlisi o‘tgan sana va raqami haqidagi ma'lumotlar ko‘rsatiladi;

b) ilmiy unvon attestati (nusxasi olinib, asli qaytariladi). Xorijiy davlatda ilmiy unvon olganlik to‘g‘risidagi hujjatning O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasi;

v) OTM/ITM kengashi majlisi bayonnomasi (mazkur muassasa ilmiy kotibi tomonidan tasdiqlangan va muhrlangan holda).

Hujjatlar qabul qilingandan keyin barcha qog‘oz shaklidagi hujjatlar OTM/ITM ilmiy kotibiga qaytariladi.

Boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Tegishli ma'lumotlar kiritilgandan so‘ng OTM/ITM ilmiy kotibining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

Elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash imkoniyati bo‘lmagan hollarda tegishli imzolar identifikatsiya qilishning ruxsat berilgan boshqa vositalari bilan ham tasdiqlanishi mumkin.

Hujjatlarni taqdim etgan OTM/ITM ma'lumotlarning to‘g‘riligi va qalbaki hujjat (hujjatlar) taqdim etilmaganligiga mas'uldirlar. Qalbaki hujjatlar aniqlanganda, OTM/ITM tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beriladi.

Quyidagi holatlarda davlat xizmatlari ko‘rsatilishi rad etilishi mumkin:

so‘rovnomaning elektron raqamli imzo yoki imzoni identifikatsiya qilishning boshqa vositalari bilan tasdiqlanmaganida;

so‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganida;

xorijiy davlatda ilmiy unvon olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatganlik uchun belgilangan yig‘im to‘lanmaganida.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishni mazkur bandda ko‘rsatilgan asoslardan boshqa holatlar bo‘yicha rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

OTM/ITM davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortishga haqli.

OTM/ITM davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning murojaati ko‘rilmasdan qoldiriladi va to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.

OAKga ma'lumotlar quyidagi muddatlarda taqdim etiladi:

Davlat xizmatlari agentligi orqali murojaat qilinganda so‘rovnoma qabul qilingan vaqtdan boshlab o‘n daqiqa ichida;

YaIDXP orqali murojaat qilinganda darhol yuboriladi.

To‘liq taqdim etilmagan hujjatlar OAK tomonidan ko‘rib chiqilmaydi hamda hujjatlar topshirilgan paytdan boshlab bir ish kunida so‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlar tegishliligi bo‘yicha Davlat xizmatlari agentligi yoki YaIDXP orqali kamchiliklari ko‘rsatilgan holda OTM/ITMga qaytarib yuboriladi.

Top