10:06 / 23.05.2020
2278
«Farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori» usulida monitoring o‘tkazish tartibi ochiqlandi

“Farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori” usulida monitoring o‘tkazish tartibi tasdiqlanadi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori” usulida monitoring o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

“Farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori” usulida monitoring o‘tkazish tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarga tashrif buyurish, telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron pochta yoki mobil ilovalar orqali murojaat qilish, shuningdek, boshqa masofaviy usullar orqali ma'lumot to‘plash va tahlil qilish asosida amalga oshiriladi.

Tibbiyot tashkilotlari yoki dorixonalarga tashrif buyurgan holda o‘tkaziladigan monitoring qonunchilikka muvofiq tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.

Monitoring davomida mulkchilik shaklidan qat'i nazar, tibbiyot tashkilotlari tomonidan retseptlarni yozish va dorixonalar tomonidan dori vositalarining savdo nomi uchun cheklangan narxlarni shakllantirish jarayonini tartibga soluvchi qonunchilik talablariga rioya etilishi o‘rganiladi va baholanadi.

Monitoring o‘tkazish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tomonidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan kelishgan holda tasdiqlangan hamda ularning rasmiy saytlarida chop etilgan monitoring o‘tkazishning choraklik reja-jadvali;

ommaviy axborot vositalari, internet jahon axborot tarmog‘i va boshqa masofaviy usullar orqali olingan ma'lumotlar (keyinchalik OAV);

jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilganligi faktlari to‘g‘risidagi murojaatlari;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining alohida topshiriqlari;

qonunchilikda belgilangan boshqa holatlar.

Monitoringni amalga oshirish mobaynida vakolatli organ:

tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarga tashrif buyurish, telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron pochta yoki mobil ilovalar orqali murojaat qilish, shuningdek, boshqa masofaviy usullar orqali ma'lumot to‘plash va monitoring olib borish;

ma'lumot to‘plash va monitoring qilishga tegishli organlar xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa shaxslarni (“sirli xaridorlar”) jalb etish;

tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar rahbarlari va (yoki) xodimlarini huquqbuzarliklar sodir etish hamda vakolatlarini suiiste'mol qilishga undovchi usullardan foydalanishini taqiqlash;

qonunchilik talablarini birinchi marta buzgan tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar, shuningdek, ularning rahbarlari va (yoki) xodimlariga qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralarini qo‘llamasdan, tushuntirish ishlarini olib borish, har tomonlama yordam ko‘rsatish choralarini ko‘radi.

Top