07:52 / 23.05.2020
7532

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bo‘yicha bitim kuchga kirdi

Bitim doirasidagi hamkorlik manfaatdor tomonning yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rovnomalari asosida amalga oshiriladi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning 2019 yil 15 aprel kuni O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida imzolangan O‘zbekiston hukumati bilan Qozog‘iston hukumati o‘rtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim 2020 yil 22 maydan kuchga kirdi.

TIV xabariga ko‘ra, hujjat noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, ikki davlatning hududida noqonuniy bo‘lib turgan shaxslarni aniqlash va ro‘yxatga olish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi.

Qayd etilgan Bitim doirasidagi hamkorlik manfaatdor tomonning yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rovnomalari asosida amalga oshiriladi.

Bitimda, shuningdek, noqonuniy migratsiyaga qarshi samarali kurashish maqsadida ma'lumot va tajriba almashish, Tomonlar xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda qo‘shma tezkor profilaktik tadbirlarni tashkil etish ham nazarda tutilgan. 

Top