19:16 / 23.05.2020
6619
O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi

Bugun, 23 may kuni  O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.  Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, suhbat avvalida davlat rahbarlari butun musulmon olami uchun shodlik va shukronalik, xayr-saxovat va ezgulik ayyomi bo‘lgan qutlug‘ Ramazon hayiti munosabati bilan o‘zaro tabrik almashdilar, bir-birlariga va qardosh xalqlarimizga baxt-saodat va farovonlik tiladilar.

Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi masalalarga alohida to‘xtaldilar. Zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda yaqindan hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish borasida ikkala mamlakatda ko‘rilayotgan qat'iy chora-tadbirlar, ushbu xavfli kasallikning salbiy oqibatlarini kamaytirish, aholiga manzilli yordam ko‘rsatish, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va biznesning rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan inqirozga qarshi dastur qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston rahbari Turkiya prezidentiga pandemiyaga qarshi kurashda, shuningdek, Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa munosabati bilan ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston va Turkiya samarali mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish, jumladan, "Boku-Tbilisi-Kars" temir yo‘lidan faol foydalanishdan, shuningdek, yuk tashishlar hajmini oshirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirishdan manfaatdor.

Suhbatda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini, avvalo savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni, shu jumladan Strategik hamkorlik kengashining joriy yil boshida Anqara shahrida o‘tgan birinchi yig‘ilishi qarorlarini o‘z vaqtida amalga oshirish muhim ekani ta'kidlandi.

Savdo ko‘rsatkichlari dinamikasini saqlash hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokidagi ustuvor investitsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni, shu jumladan ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Muloqot yakunida mintaqaviy hamkorlik va xalqaro siyosatning qator dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezidentlar Turkiy kengashga a'zo mamlakatlarning sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, savdo va transport vazirliklari rahbarlari o‘rtasidagi onlayn uchrashuvlarning samarali natijalarini yuksak baholadilar.

Top