18:14 / 24.05.2020
56182
Bu kurashda g‘olib bo‘lmaydi. AQSh–Xitoy ziddiyati – II Sovuq urush ibtidosimi?

Vashingtonda anchadan beri aksilxitoy kayfiyati qora bulut singari izg‘ib yuribdi. 21-asrning bu ikki yirik derjavasi o‘rtasidagi darz ketgan munosabatlarni pandemiya yana ham sovuqlashtirdi, deb yozadi The Washington Post.

Foto: Reuters

Tramp o‘ngchilardan bo‘lgan Fox Business telekanaliga bergan intervyusida AQSh pandemiyadan so‘ng Xitoy bilan aloqalarni «butkul uzishi» mumkinligini ta'kidladi. Oq uy rahbari bu ikki davlatning o‘zaro savdo masalasida bir to‘xtamga kela olmayotgani bilan bog‘liqligiga ishora qilgan.

«Pandemiya negizidagi iqtisodiy talafot AQSh uchun Xitoy orqali o‘tuvchi global ta'minot zanjiridan ajralib chiqish zaruratini ko‘rsatdi», degan Qo‘shma Shtatlar prezidenti.

Bu borada Tramp yolg‘iz emas – uning ittifoqdoshlari aksilxitoy masalasida yanada qat'iy pozitsiya ko‘rsatishmoqda. Respublikachi senatorlar pandemiyani ilk bosqichlarida yashirgani uchun Xitoyni jazolashni ko‘zda tutuvchi qonun qabul qilish va sanksiyalar qo‘llashni taklif etyapti.

Xorijlik jurnalistlar akkreditatsiyasini diplomatik o‘yinlarning bir qismiga aylantirgan Pekinga javob sifatida AQSh Davlat departamenti ham shtatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan chinlik jurnalistlarning vizalariga cheklovlar kiritdi.

Oq uyning anonim amaldorlari AQShning Xitoy oldidagi qarz majburiyatlari haqida og‘iz ochmaslik uchun OAV vakillariga tahdid qilishgacha borgani aytilmoqda. Ekspertlar bunday harakatlar AQShning xalqaro maydondagi obro‘siga putur yetkazadi, deya baholashmoqda.

Aksilxitoy kayfiyati har doimgidan ham kuchaygan

«Katta yigirmalik»ning 14-sammiti. Osaka, Yaponiya
Foto: CNBC

2005 yildan beri aksilxitoy kayfiyatni o‘rganib keluvchi Pew Research Center’ning aprel oyida o‘tkazgan tadqiqotiga ko‘ra, amerikaliklar hozirda Xitoyga nisbatan har doimgidan ham ko‘proq salbiy munosabat bildirmoqda.

Vashingtondagi norozilik kayfiyatida prezidentlik saylovi yilidagi o‘zgarishlarning ham ulushi bor – Tramp va respublikachilar koronainqirozni boshqara olmayotgan administratsiyadan diqqatni chalg‘itish uchun harakat qilayotgani ko‘rinib turibdi.

Ammo ko‘plab demokratlar, xususan, prezidentlikka nomzod, sobiq vitse-prezident Jo Bayden ham aksilxitoy kayfiyatining yuqoriligicha qolishi tarafdori ko‘rinadi.

Boshqa davlatlar, jumladan, Osiyodagi derjavalar ham Xitoyga ochiqdan-ochiq qarshi turish yo‘lini tanlashmoqda. Bu esa Xitoyda tarixan chet davlatlarning sovuq munosabati natijasida shakllangan milliy ruhni yanada kuchaytiryapti xolos.

Vashington va Pekin rasmiylari Sovuq urush boshlanishiga qarshi ekanliklarini qayta-qayta takrorlashsa-da, geosiyosiy shamollar aynan Sovuq urush tomonga qarab esmoqda.

«Sovuq urush bu – AQShga xos mentalitet, deya tanqid qiluvchi Xitoy hukumati vakillari aslida ikki mamlakat o‘rtasidagi raqobat va mafkuraviy kurashni to‘xtatishni istashmaydi, balki Amerikaning Pekin rejalariga xalal bermasligi kerakligini nazarda tutishadi», deb yozadi Axios jurnalisti Betani Allen-Ebraximyan.

Xitoy razvedkasi hisoboti

Reuters’ning yozishicha, Xitoy davlat xavfsizligi vazirligi oliy hukumatga taqdim etgan hisobotda Pekinga qarshi shakllanayotgan – qisman AQShning ham hissasi bo‘lgan global salbiy munosabat haqida bayon qilingan.

Hisobotda Xitoyga nisbatan munosabat 1989 yilgi Tyananmen voqealaridan beri eng yomon darajaga chiqqani haqida ogohlantirilgan.

Tyananmen voqealari – 1989 yil Pekinning Tyananmen maydonida asosan talabalar ishtirokida o‘tkazilgan norozilik aksiyalari va ularning shafqatsiz bostirilishi. Namoyishni bostirish uchun harbiylar ishga solingan, bir necha ming nafargacha qurbonlar bo‘lgani taxmin qilinadi.

Hisobot mazmunidan xabardor bo‘lganlardan birining aytishicha, uning xulosa qismida AQSh Xitoydagi kommunistik partiyani qulatish niyatida ekani, Amerika Chin davlatini iqtisodiy va xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rishi ta'kidlangan.

Reuters manbasiga ko‘ra, Xitoy razvedkasining ayrim vakillari ushbu hisobotni «Novikov telegrammasi»ning xitoycha versiyasi sifatida baholamoqda.

SSSRning 1946 yilda AQShga yuborilgan elchisi Nikolay Novikov Amerika iqtisodiy jihatdan xavfliligi, uning ikkinchi jahon urushidan keyingi harbiy ishtiyoqi haqida o‘z mamlakatiga yozib yuborgan edi.

Novikov telegrammasi va amerikalik diplomat Jorj Kennanning Moskvadan Vashingtonga yuborgan «Uzun telegramma»si (unda diplomat AQSh hukumatini SSSR bilan hamkorlik qilib bo‘lmasligidan ogohlantirgan) — 20-asr oxirigacha AQSh-SSSR raqobatining yo‘nalishini belgilab bergan ikki muhim hujjatdir.

Ekspertlar hozir AQSh-Xitoy munosabatlarida ham shunga o‘xshash, balki ayni shunday holat ro‘y berayotganini ta'kidlashmoqda.

Bu urushda g‘olib bo‘lmaydi

Foto: Financial Times

«Bunday atamaning qo‘llanilishi odamlar uchun yoqimsiz bo‘lishi mumkin, lekin tan olishimiz kerak – bu yangi Sovuq urushning boshlanishi. Ehtiyot bo‘lmasak, hammasi yanada yomonlashishi mumkin», dedi Oq uyning sobiq savdo vakili Klit Villems CNBC’ga.

«Mohiyatan, biz Sovuq urush arafasida turibmiz. Xitoy bilan munosabatlar tobora ziddiyatli tus olib bormoqda», deydi Nyu-Yorkdagi Osiyo jamiyati qoshidagi Xitoy-AQSh munosabatlarini o‘rganish markazi direktori Orvill Shell.

Vashingtonda bir guruh siyosatchilar AQShning Xitoyga nisbatan harbiy ustunligi susayib (balki mutlaqo yo‘qolib) borayotganidan xavotirda.

Pekinda esa Tayvanni tiklash uchun harbiy hujum boshlash ehtimoli haqida avvalgiga qaraganda ochiqroq gapirila boshlandi.

Harbiy nizolar kuzatilmayotgan bo‘lsa-da, ammo bu ziddiyat ikki mamlakatning bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lgan iqtisodiyotlari uchun qimmatga tushishi tayin.

Xitoy 20 yilcha avval Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish orqali eksportga asoslangan qudratli iqtisodiy derjavaga aylangan va bu globallashuvning ulkan muvaffaqiyati sifatida baholangan edi. Ammo endilikda Tramp va uning ittifoqchilari Xitoyning JSTga qabul qilinishi katta xato bo‘lganini qayd etib, bu xatoni «tuzatishga» harakat qilishmoqda – JSTning ahamiyatini tushirishga astoydil urinishmoqda.

«Bu bo‘rondan so‘ng yomonlashayotgan munosabatlarni qayta tiklash qiyin kechadi. Strategik raqobat doimo ustuvor paradigma bo‘lib qolgan. Hamma gap bu raqobatning doimiy va mutlaq dushmanlik shakliga o‘tish-o‘tmasligida», deydi Berlindagi Merkator Xitoy tadqiqotlari instituti ijrochi direktori Mikko Xuotari.

Bunday tarang o‘yin kayfiyatida ikki tomon ham g‘alaba qozona olmaydi.

«Vashington va Pekinda kechayotgan g‘oyaviy urushlarga qaramay, AQSh ham, Xitoy ham bu inqirozdan zaif holatda chiqadi. Bu achchiq haqiqat», deya fikr bildirgan Avstraliya sobiq bosh vaziri Kevin Radd.

Top