14:47 / 24.05.2020
7662
Farg‘ona politexnika instituti talabalari mobil fotoelektrik svetofor ixtiro qilishdi

Farg‘ona politexnika instituti talabalari elektr energiya tejaydigan aqlli svetoforni kashf qildi, deb ma'lum qildi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Mazkur mobil, fotoelektrik avtonom svetofor yo‘llarda ta'mirlash ishlarini bajarish, maxsus tadbirlar o‘tkazish, piyodalar o‘tish xavfsizligini ta'minlash va boshqa ishlarni bajarishda transport harakatini vaqtinchalik tartibga solish uchun mo‘ljallangan.

Mobil svetofor quyosh paneli, akkumulyator, optik svetodiodli svetofor va tizimni boshqarish elektron bloklaridan iborat. Bularning barchasi harakatlanuvchi aravachaga o‘rnatilgan.

Elektr energiya manbayi bo‘lgan 50 vatt quyosh fotoelektrik paneli – kuchlanish 12 volt va tok kuchi 70 amper/soatli akkumulyator orqali – svetoforni tun-u kun bardavom ishlashini ta'minlaydi.

Svetofor qizil va yashil yonuvchi ikki seksiyali 8ta yoritish chiroqlaridan iborat.

Ko‘chma svetofor quyosh panellari yordamida o‘zini o‘zi bemalol ta'minlay oladi. Quyoshsiz holatda ham akkumulyatorlar orqali 14 soatgacha ishlashi mumkin.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Konstruksiyalashda asosiy e'tibor energiya tejamkor, avtonom ishlovchi, mobil, ya'ni bir joydan boshqa joyga qo‘shimcha xarajatsiz ko‘chirish imkoniyatini beruvchi, ish rejimi yashil, qizil chiroqlarni almashinuv intervali tez sozlanuvchi svetofor yaratishga qaratilgan.

Xorijda ishlab chiqarilayotgan svetoforlarning narxi mamlakatimizga olib kelish xarajatlari bilan o‘rtacha 1000 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi. Respublikamizda esa svetoforlarga talab juda yuqori. Masalan, birgina umumta'lim maktablari uchun 10 mingdan ortiq bunday qurilmalarga ehtiyoj bor.

Taklif etilayotgan import o‘rnini bosuvchi mobil, fotoelektrik, avtonom svetoforni tayyorlanish tan narxi esa xorijda ishlab chiqarilgan svetofor narxiga nisbatan 55 foiz arzon. Uning ustiga, mamlakatga olib kirish xarajatlari ham yo‘q.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, buyurtmachilarning talabi va hududlarning sharoitlaridan kelib chiqqan holda svetoforning konstruksiyasi, funksiyasi, chiroqlarning yonish vaqtlari va intervallarini o‘zgartirish yoki masofadan boshqarish tizimiga o‘tkazish mumkin, deyiladi vazirlik xabarida.

Top