15:04 / 25.05.2020
2102
Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibiga tuzatishlar kiritildi

Vazirlar Mahkamasining 20.05.2020 yildagi 302-son qarori bilan Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ular 3 oydan keyin kuchga kiradi.

Norma’ning yozishicha, nizom quyidagilarni import qilishga ruxsat beruvchi normalar bilan to‘ldirildi:

yaroqlilik muddatlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda qayd etilgan yaroqlilik muddatlaridan farq qilgan oziq-ovqat mahsulotlari. Akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya majmualari tomonidan ularning qayd etilgan yaroqlilik muddatiga muvofiqligi va xavfsizlik ko‘rsatkichlariga tahlillar o‘tkazilib ijobiy baholanganidan so‘ng import qilinishiga ruxsat etiladi;

bolalar oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar o‘yinchoqlari, energetik ichimliklar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar tomonidan toksikologik tahlillar o‘tkazilib, xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha ijobiy baholangandan so‘ng import qilinishiga ruxsat etiladi.
 
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqlik (nomuvofiqlik) to‘g‘risida berilgan sanitariya-epidemiologik xulosalarning elektron reyestrini yuritadi. Reyestr Sog‘liqni saqlash vazirligining veb-saytiga joylashtiriladi. 
 
Sanitariya-epidemiologik xulosani berishni rad etish uchun asoslar ro‘yxati kengaytirilmoqda. Quyidagi holatlarda ham xulosa berilishi rad etilishi mumkin:

sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirib berish vaqtida oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati 60 foizdan kam bo‘lganida (ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan umumiy yaroqlilik muddatiga nisbatan foizda);

xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar tomonidan o‘tkazilgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun tahlil bayonlari bo‘lmasa;

yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlar bilan zararlanganligi aniqlanganda;

radioaktiv ko‘rsatkichlarning me'yorlardan yuqoriligi aniqlanganda;

tarkibida genetik modifikatsiyalangan organizmlar belgilangan me'yorlar darajasidan yuqori bo‘lganda;

parazitlar yoki ularning tuxumlari aniqlanganda;

o‘tkazilgan laboratoriya sinovlarining salbiy natijalari olinganda;

hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan taqdirda.
 
Shuningdek, iste'mol qilishga va foydalanishga yaroqsiz deb topilgan oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, undan foydalanish yoki respublika hududiga olib kirishni taqiqlash tartibi belgilandi.
 
Laboratoriya sinovlarining salbiy natijalari olinganda, mas'ul sanitariya vrachi tomonidan tegishli dalolatnoma tuziladi. Agentlik, uning hududiy yoki tuman (shahar) markazi rahbari dalolatnoma asosida iste'molga yaroqsiz deb topilgan oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, undan foydalanish yoki mamlakatimizga import qilishni taqiqlash to‘g‘risida qarorni imzolaydi. Qarorning bir nusxasi arizachiga beriladi. Mahsulotning iste'molga yaroqsizligi respublika hududida aniqlangan taqdirda, yuk egasi oziq-ovqat mahsulotini O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan olib chiqib ketishi huquqiga ega bo‘ladi.
 
Iste'molga yaroqsiz deb topilgan oziq-ovqat mahsulotini qayta ishlash yoki yo‘q qilish usullari va shartlari belgilandi. Bunga qadar mahsulot alohida joyda (rezervuarda), hisobda to‘plami, ishlatish yoki yo‘q qilish usullari va shartlari aniq ko‘rsatilgan holda saqlanishi shart. Bunday mahsulot to‘liq saqlanishi uchun mas'uliyat uning egasi zimmasiga yuklanadi. Mahsulotni ekspertiza qilish, qayta ishlash, saqlash, tashish, yo‘q qilish usullari va shartlarini belgilash yoki reeksport qilish bilan bog‘liq xarajatlar uning egasi tomonidan qoplanadi.
 
Hujjat 21.08.2020 yildan kuchga kiradi.

Top