17:59 / 25.05.2020
28489
O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari orasida koronavirusga chalinish holatlari 300dan oshib ketgan

O‘zbekistonda Covid-19 tashxisi qo‘yilgan tibbiyot xodimlari soni 300 nafardan oshdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – vazirlik huzuridagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.

«15 martdan hisoblaydigan bo‘lsak, tibbiyot xodimlari orasida 300dan ortiq virusga chalinish holatlari aniqlandi.

Eng ko‘p aniqlangan holat – infeksiya birinchi kirib kelgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Sababi birinchidan, tibbiyot xodimlari ham, aholi ham bu infeksiyaga tayyor emas edik. Nimaga tayyor emas edik? Niqoblarimiz ham, kombinezonlarimiz ham bor edi. Lekin ularni to‘g‘ri ishlatib, to‘g‘ri foydalanib faoliyat ko‘rsatmasligimiz natijasida mana shunday holatlar yuzaga kelgan.

Bugungi kunga kelib 300dan ortiq shunday holat bor», dedi vazir o‘rinbosari.

– Navoiy viloyati 4 may kuni koronavirusdan xoli hududga aylangandi, 6 may kuni viloyat «yashil» hudud deb e'lon qilindi. 8 mayda esa viloyat markazida karantin tadbirlari kuchaytirildi, 9 maydan yangi holatlar aniqlana boshladi. Yangi holatlar qayerdan chiqyapti?

– Shuni aytib o‘tish kerakki, bunda hududlararo migratsiya ham bor. Asosiy sabab – kasallik bemor bilan muloqotda bo‘lgan insonlarda kelib chiqmoqda. To‘g‘ri aytdingiz, Navoiy viloyati «yashil hudud» edi, kasal bemorimiz yo‘q edi. Lekin bugungi kunda (23 may holatiga – tahr.) Navoiy viloyatida 72 bemorimiz qayd etilgan. Ikki hafta oldin Navoiy viloyatida umuman bemorimiz yo‘q edi. Bu asosan Zarafshon shahrida.

Kasallik asosan bemor bilan aloqada bo‘lganlar orasida aniqlanmoqda. Bugun hech qaysi hudud «men yashilman», «yashil hududga kirganman», deyishi kerak emas. Nafaqat hudud, tuman, mahalla, kerak bo‘lsa oila ham «yashil hudud»ga kirganman, deyishi mumkin emas. Bir soatda emas, bir zumda ham o‘zgarishi mumkin. Virus odamdan-odamga tez yuqadi.

Sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etmaslik oqibatida bu holatlar kelib chiqmoqda. Navoiy viloyatini «qizil» hududga kiritish bo‘yicha maxsus komissiyaga taklif kiritilgan. Tez kunda o‘zgartirish kiritiladi.

Koronavirusning aholi orasida tarqalishiga sabab karantin qoidalarining erkinlashtirilgani, aholining o‘zi ham mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘yayotgani emasmi?

– Sekin-sekin karantin cheklovlari olib tashlanmoqda. Bunday paytda aholi yana, yana va yana karantin qoidalariga rioya etishi kerak. To‘g‘ri aytyapsiz, agar aholi karantin cheklovlariga rioya etmasa, kasallik yanada ko‘payish holatlariga olib keladi.

Virusga chalingan bemorlar nazoratga olinganmi? Hozirda kasallik qaytalanish holatlari kuzatilmayaptimi?

– Har bir bemor davolanib chiqqandan so‘ng yana qo‘shimcha 14 kunlik reabilitatsiyaga chiqariladi. Shifoxonada yotib davolangan, test tahlili ikki marta manfiy chiqqandan so‘ng bemorlar reabilitatsiyaga olinadi. 14 kundan so‘ng bemorlar o‘zining yashash joyiga yuboriladi. Yuborilgan joyida shifokor nazoratida bo‘ladi.

Bugungi kunda qaytalanish holatlari kuzatilmagan. Lekin dunyo bo‘yicha shunday faktlar bor, ya'ni bemorda kasallik qaytalanishi mumkin deyilmoqda.

– Koronavirusdan tuzalganlarning qon zardobi bilan boshqa bemorlarni davolash yo‘lga qo‘yildimi? Yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, natijasi qanday bo‘lyapti?

– Bu davolash usuli butun dunyoda qo‘llanilmoqda. O‘zbekistonda ham bu davolanish usuli qo‘llanilishi boshlangan. Davolanib chiqqan bemorlarimiz reabilitatsiya markaziga yuborilganida, ular o‘z xohishi bilan qon topshirishi mumkin. O‘sha qondan biz zardob olamiz. Zardobda virusga qarshi antitanachalar bo‘ladi, bu moddalar immunitet hosil qiladi.

Shularni inobatga olib, bu zardobni bemorlarimizga ishlatyapmiz. Bu dunyo tajribasi O‘zbekistonda ham qo‘llanilmoqda.

Shu o‘rinda bir yaxshi yangilikni aytib o‘tishim kerak. Bugungi kunda o‘zimizda ham koronavirusni aniqlash uchun testlar ishlab chiqildi. Agentlikda tekshiruvdan o‘tkazdik, natijalari yaxshi chiqdi. O‘ylaymanki, tez kunda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, virus RNKsini aniqlash uchun kerakli reaktivlarni ham O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha hamma sharoitlar bor. Bugungi kunda bu borada ham tahlillar o‘tkazildi, o‘ylaymanki, yaqin kunlarda bu reaktivlarni ham o‘zimizda ishlab chiqara olamiz.

Suhbatni to‘liq shaklda Kun.uz’ning Youtube’dagi kanali orqali tomosha qilish mumkin.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top