16:09 / 25.05.2020
3407
Vetnam futbol o‘yinlariga tomoshabinlar kirishiga ruxsat bergan dastlabki mamlakat bo‘ldi

Koronavirus pandemiyasi tufayli e'lon qilingan karantindan keyin Vetnamda mamlakat chempionati va kubogi o‘yinlari davom ettirilmoqda.

Foto: Twitter

Bu haqda mamlakat futbol federatsiyasining «tvitter»dagi rasmiy sahifasida xabar berilgan.

Vetnam hukumati koronavirus pandemiyasidan keyin mamlakatda futbol o‘yinlarini odatdagidek o‘tkazishga ruxsat bergan dunyodagi dastlabki mamlakat bo‘ldi. Kubok va chempionat bahslariga odatdagidek tomoshabinlarning stadionga tashrif buyurib, jamoalarini qo‘llab-quvvatlashlariga hech qanday to‘siq qo‘yilmagan.

Qariyb ikki oylik tanaffusdan keyin Vetnam kubogi 1/16 finali doirasidagi dastlabki bahs «Nam Din» va «Xoangan Zyalay» o‘rtasida kechdi. Minglab muxlislar qarshisida o‘tgan o‘yinda mezbonlar 2:0 hisobida zafar quchishdi.

Ma'lumot uchun, qariyb 100 million aholiga ega Vetnamda 25 may holatiga ko‘ra, jami 325 nafar kishida koronavirus aniqlangan bo‘lib, ulardan 267 nafari tuzalgan. O‘lim holati qayd etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq jahonning aksariyat mamlakatlarida karantindan keyin futbol uchrashuvlari davom ettirilgan taqdirda ham, o‘yinlar hozircha tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi haqida xabarlar berilgandi. Shu jumladan, O‘zbekiston Superligasi o‘yinlari ham tanaffusdan keyin muxlislarsiz o‘tkazilishi ma'lum qilingan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top