21:03 / 26.05.2020
21343

Diyor Imomxo‘jayev O‘zPFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi tashkilotdagi o‘zgarishlarni rasman tasdiqladi. Bu haqda PFL rasmiy sayti xabar bermoqda.

«O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Davron Shoqurbonov joriy yil 25 may kunidan o‘z arizasiga muvofiq egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Shu sababli, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti A.Azizovning taqdimiga binoan Diyor Imomxo‘jayev O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan bosh direktor vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi», - deyiladi rasmiy xabarda.

Ma'lumot uchun, Diyor Imomxo‘jayev 2017 yildan buyon PFLda faoliyat yuritib keladi. U dastavval tashkilot direktori maslahatchisi, keyinchalik direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Mutaxassisligi bo‘yicha jurnalist hisoblangan Diyor Imomxo‘jayev «Futbol TV» telekanalida futbol o‘yinlarini sharhlab boradi.

Muxlislar orasida «Sport» telekanalida «Futbol sharhi» ko‘rsatuvidagi tanqidiy chiqishlari, «Sokker klub» mualliflik dasturida kelishilgan o‘yinlar muammosini ko‘tarib chiqqani bilan tanilgan. Diyor Imomxo‘jayev matbuotda ham faoliyat yuritib, bir necha yil futbol nashrlari va sport saytlarida o‘zbek futboli haqida maqolalar e'lon qilib kelgan.

Mavzuga oid
Top