08:37 / 26.05.2020
5105
FVV Buxoroda kuchli shamol oqibatlarini bartaraf etish ishlari bo‘yicha ma'lumot berdi

37 485 ta aholi xonadoni, 359 ta umumta'lim, 163 ta maktabgacha ta'lim, 96 ta sog‘liqni saqlash va 177 ta boshqa muassasalarda ta'mirlash ishlari to‘liq yakuniga yetkazildi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha joriy yilning 24 may holatiga ko‘ra, viloyatning barcha shahar va tumanlarida 41 927 ta bino va inshootlarga, shu jumladan, 41 085 ta aholi xonadonlari, 842 ta ijtimoiy soha obektlariga turli xil darajada zarar yetgan.

FVV xabariga ko‘ra, bugungi kun holatiga 37 485 ta aholi xonadoni, 359 ta umumta'lim, 163 ta maktabgacha ta'lim, 96 ta sog‘liqni saqlash va 177 ta boshqa muassasalarda ta'mirlash ishlari to‘liq yakuniga yetkazildi.

Viloyat shahar va tumanlariga bugungi kunga qadar 1 mln 287 ming dona shifer, 1 mln 214 ming kv metr profnastil, 11,2 ming kv metr oyna, 4,2 ming metr kub yog‘och-taxta va yana qator zarur qurilish mahsulotlari yetkazib berildi.

Aholi turar joylari va ijtimoiy soha obektlariga yetkazilgan zararni bartaraf etishda jami 16 mingdan ortiq quruvchi qatnashayotgan bo‘lib, shu jumladan, Mudofaa vazirligidan 240 nafar (32 birlik maxsus texnika), Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 245 nafar (54 birlik maxsus texnika), Ichki ishlar vazirligidan 79 nafar (18 birlik maxsus texnika), Milliy gvardiyadan 250 nafar (18 birlik maxsus texnika) shaxsiy tarkib amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Qayd etilishicha, bugungi kungacha elektr ta'minotidan uzilgan 359,1 ming xonadondan 359,1 mingtasi (100 foiz) qayta ulandi. Shuningdek, ishdan chiqqan 8,16 ming km past kuchlanishli elektr tarmoqlaridan 8,16 ming masofa qayta tiklandi.

Tabiiy gaz tizimi bo‘yicha zarar yetkazilgan jami 115,17 ming xonadonning barchasida tabiiy gaz ta'minoti to‘liq tiklangan.

Elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar sababli ichimlik suvi ta'minotidan uzilib qolgan Olot, Qorako‘l Romitan, Vobkent, Kogon, Buxoro tumanlari va Buxoro shahrida ichimlik suvi ta'minoti yo‘lga qo‘yildi.

Viloyatda tabiiy ofatni bartaraf etish maqsadida, respublika vazirlik, idora, tashkilotlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, Toshkent shahar va barcha viloyat hokimliklari tomonidan 8,7 mlrd. so‘m homiylik mablag‘lari tushirilgan.

Top