01:03 / 26.05.2020
16891
JSST koronavirusning ikkinchi to‘lqini yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusga chalinishlar soni istalgan daqiqada “keskin ko‘payib ketishi” va bunda kasallikning ikkinchi avj olishi yuz berishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Foto: RIA Novosti / Vladimir Pesnya

Bu haqda brifingda JSSTning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar dasturi direktori Maykl Rayan gapirib o‘tdi.  

Jurnalistlar undan koronavirus pandemiyasining “ikkinchi to‘lqini” yuz berishi ehtimoli hali ham saqlanib qolayotgani-yo‘qligi haqida so‘rashgan.

“Fikrimcha, hammasi dunyoning qay qismida joylashganingizga bog‘liq bo‘ladi. Hozir biz pandemiyaning ikkinchi to‘lqinida emasmiz. Agar Janubiy Amerika, Afrika, Osiyo va boshqa davlatlardagi ma'lumotlarga nazar tashlasak, biz birinchi to‘lqinni boshdan o‘tkazmoqdamiz. Biz hamon kasallik yuqorilayotgan bosqichdamiz”, deb javob qilgan Rayan.

Uning tushuntirishicha, mutaxassislar “ikkinchi to‘lqin” deganda birinchi to‘lqinda kasallanishlar soni nisbatan past darajagacha qisqarib, biroq bir necha oydan keyin u yana o‘zini namoyon qiladigan vaziyatni ko‘zda tutishadi.

Rayanning aytishicha, bunday vaziyat bir necha oydan keyin ko‘plab davlatlar uchun haqiqatga aylanishi mumkin. Uning fikricha, koronavirusga chalinishlar soni istalgan daqiqada “keskin oshib ketishi mumkin”.

“Biz taxminlarga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Bizda ikkinchi to‘lqinga tayyorlanishga bir necha oy bo‘ladi. Bu to‘lqinda kasallikning ikkinchi avj olishi bo‘lishi mumkin”, deb ta'kidlab o‘tgan mutaxassis. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top