18:51 / 26.05.2020
21995
Keyingi 10 kunda 10 mingdan ortiq kishi O‘zbekistonga qaytarilishi kutilmoqda – Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston hukumati xorijiy mamlakatlardan og‘ir ahvolda qolgan yana 10 mingdan ortiq fuqaroni qaytarib olib kelish choralarini ko‘rmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti raisligida 26 may kuni investitsiya masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi avvalida mamlakatda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda qayd etilayotgan kasallanish holatlarining yarmi xorijdan kelayotganlar bilan bog‘liq.

«Bugungacha chet eldan olib kelingan fuqarolarimiz soni 47 mingtani tashkil etmoqda. Afsuski, ularning, ayniqsa keyingi ikki hafta davomida kirib kelganlarning aksariyatida koronavirus aniqlangan.

Bemorlarning qariyb 50 foizini ham xorijdan kelgan fuqarolar tashkil etadi.

Keyingi 10 kunda 3,5 ming odam havo yo‘llari, 7 mingga yaqin vatandoshimiz chegara postlari orqali yurtimizga kirib kelishi kutilyapti. Bunga qo‘shimcha yana 100 ming nafardan ortig‘i O‘zbekistonga qaytish istagini bildirib, navbat kutmoqda. 

Fuqarolarimiz qaytib kelayotgan davlatlar hamda qo‘shni mamlakatlardagi vaziyatning og‘irligini hisobga olib, xotirjamlikka berilish mumkin emas», degan davlat rahbari.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top