10:11 / 26.05.2020
22338

O‘zbekiston Tojikistonga insonparvarlik yordamining navbatdagi partiyasini jo‘natdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatmasiga muvofiq Dushanbega yana bir insonparvarlik yordami yuborildi.

Bu safar 24 tonnalik yuk dori-darmonlardan, asosan antibiotiklardan iborat, deb xabar berdi Asia-Plus.

«O‘zbekiston hukumati tomonidan Dushanbega taqdim etilgan yordam shahar sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya qilish boshqarmasiga berildi», - deya xabar qilgan nashrga Dushanbe hokimi ma'muriyatidagi manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar hokimi Rustam Imomali tegishli shahar tuzilmalariga koronavirus bilan kasallanganlarni davolash uchun olingan dori-darmonlar maqsadga muvofiq ishlatilishini qat'iy nazoratga olish haqida topshiriq bergan.

Shuningdek, manbaning xabar berishicha, yordam sifatida olingan barcha dori-darmon O‘zbekiston-Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan.

Eslatib o‘tamiz, 9 aprel kuni O‘zbekiston Tojikistonga dori-darmon, oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lgan 18ta temiryo‘l vagonini jo‘natdi. Prezident topshirig‘i bilan 8 may kuni 8 nafar o‘zbekistonlik virusolog va 10 tonna tibbiy asbob-uskunalar, shu jumladan 10ta o‘pkani sun'iy ventilyatsiya qilish apparati Dushanbega keldi.

9 may kuni Tojikistonga O‘zbekistonda 144ta tibbiy konteyner yuborildi, ular Dushanbedagi «Bofanda» stadionida vaqtinchalik kasalxona uchun mo‘ljallangan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top