15:08 / 26.05.2020
5194

O‘zbekistonda DXSh sohasida 3,8 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish mo‘ljallangan

Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda DXSh sohasida umumiy qiymati 3,85 milliard dollarga teng bo‘lgan 32ta loyiha ustida ishlamoqda. Bu haqda agentlik materiallarida aytilgan.

Foto: TASS

Loyihalardan to‘rttasi bo‘yicha shartnoma imzolangan, yana to‘rttasi bo‘yicha bitim imzolanish bosqichida, yettitasi - tender bosqichida. 17ta loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tayyorlanmoqda.

Shu bilan birga, energetika loyihalari DXShga investitsiyalarning umumiy hajmida katta ulushni egallaydi. Asosan, yangi energetika obektlari - issiqlik elektr stansiyalari, quyosh va shamol energiyasidan foydalanadigan fotoelektr hamda shamol stansiyalari qurilishiga mablag‘lar yo‘naltirilgan.

Amalga oshirilayotgan loyihalar qatorida: Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida Masdar (BAA) investitsiya kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini qurish; Samarqand viloyatida Total Eren Fransiya kompaniyasi bilan quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini qurish; Dentons, White & Case ko‘magida ACWA Power (Saudiya Arabistoni) bilan 1500 MVt quvvatga ega Sirdaryo IES qurilishi; 35 km.dan ortiq mavjud suv va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, Xorazm viloyatida ichimlik suvi ta'minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish.

Agentlik ekspertlarining fikriga ko‘ra, energetika sohasida loyihalarning ko‘pligiga aholi soni o‘sishi va turmush darajasining oshishi sabab, bu energiya sarfini ko‘paytiradi hamda urbanizatsiya darajasi oshishiga olib keladi.

Bundan tashqari, 2030 yilda maksimal davrda (qish fasli) elektr energiyasining umumiy iste'moli 2019 yildagi 10,4 ming MVt.ga nisbatan 20,9 ming MVt.ga yetadi. Buning uchun 2030 yilda ishlab chiqarish quvvatini 10,5 ming MVt.ga oshirish kerak. 

Top