23:55 / 26.05.2020
24939
«O‘zbekneftgaz» benzin importiga aksiz stavkasini 4 baravarga oshirishni taklif qildi. Kompaniya raisi o‘rinbosari bunga izoh berdi

​​​​​​​Kun.uz onlayn intervyularining navbatdagisida «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov so‘nggi vaqtlarda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan bir nechta masalaga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekneftgaz» AI-80, AI-91 va AI-92 markali import benzinga aksizni 5 foizdan 20 foizga oshirishni taklif qilgan hujjat surati tarqaldi.

Jamiyat boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov tomoni Energetika vazirligiga yuborilgan maktubda import qilinayotgan tayyor neft mahsulotlarining alohida turlariga aksiz solig‘ini qayta ko‘rib chiqish «maqsadga muvofiq» ekani aytiladi.

Bu chora «import xarajatlarini kamaytirish yo‘li orqali respublika iste'molchilarini maqbul narxlardagi neft mahsulotlari bilan ta'minlash» va «respublika hududida neft mahsulotlari ishlab chiqarishni jadallashtirish» vajlari bilan izohlangan.

Ulug‘bek Ashurov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ushbu hujjat haqiqiyligini tasdiqladi.

«Hujjat haqiqiy. «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan 7 may kuni Energetika vazirligiga takliflar berilgan. Ushbu takliflar birinchi navbatda hozirgi kundagi bozorning ahvolidan kelib chiqib tayyorlangan.

Butun dunyoda pandemiya avj olishi barcha sohalarga, jumladan, neft bozorlariga, neft mahsulotlari savdosiga o‘zining ta'sirini ko‘rsatmoqda.

Shuni ochiq-oydin aytishimiz kerak, hozirgi sharoitda davlatlar tomonidan o‘zlarining ishlab chiqaruvchilarini himoyalash maqsadida import qilinadigan mahsulotlarga judayam ko‘plab cheklovlar kiritilmoqda.

Masalan, Rossiya Federatsiyasi dunyo miqyosida eng ko‘p neft qazib oladigan davlat bo‘lishiga qaramasdan, ichki bozorni himoyalash maqsadida tayyor neft mahsulotlari importini cheklash bo‘yicha qarorlar qabul qilgan. Ushbu qarorlar vaqtinchalik xarakterga ega.

Biz ham mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mavjud quvvatlarini maksimal darajada ishlatish maqsadida neft mahsulotlari xomashyosini olib kirish uchun joriy etilgan aksiz solig‘ini bekor qilishni taklif qilganmiz. Bu orqali xorijdan neft mahsulotlarini xomashyo ko‘rinishida olib kelib, tayyor mahsulotni O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarishni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan», – dedi «O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi o‘rinbosari.

Foto: O‘zbekneftgaz

– Hujjat mazmuniga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» O‘zbekistonga import orqali olib kelinadigan AI-80, AI-91 va AI-92 markali benzin uchun aksiz solig‘ini 5 foizdan 20 foizga oshirishni taklif qilmoqda. Nima uchun bunday qarorga kelinmoqda?

– Chindan ham tayyor neft mahsulotlarining importi uchun belgilangan aksiz solig‘ini oshirish bo‘yicha ham taklif berganmiz. Ushbu taklif butun dunyoda mavjud bo‘lgan holatdan kelib chiqib tayyorlangan.

So‘zimning boshida aytganimday, hozirgi kunda ko‘plab davlatlar o‘zining ichki bozorini, mahalliy ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish uchun ayrim choralarni qabul qilishmoqda. Yuqorida Rossiyada bu borada ko‘rilayotgan choralar haqida aytib o‘tdim. Xuddi shunday qo‘shni davlat – Qozog‘istonda ham 2020 yil 1 apreldan tayyor neft mahsulotlari importiga cheklov qo‘yilgan.

Rossiya va Qozog‘iston nega bu cheklovlarni joriy etmoqda? Bu birinchi navbatda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilishga qaratilgan.

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor, unga ko‘ra eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun ushbu choralar qabul qilinmoqda. Jumladan, Rossiyada avtobenzin va dizel yoqilg‘isi uchun belgilangan eksport bojini 15,6 dollardan 2 dollarga tushirmoqda. Qozog‘istonda shu paytgacha chetdan olib kelinadigan har bir tonna neft [xomashyosi] uchun 40 dollar boj to‘langan bo‘lsa, may oyidan ushbu boj to‘lovi bekor qilindi.

Biz ham o‘z navbatida o‘zimizning ishlab chiqaruvchilarimizni himoya qilish maqsadida taklif sifatida ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketgan xatni chiqargan edik. Bu – o‘z nomi bilan taklif. Bu bo‘yicha yakuniy qaror Energetika vazirligi, Vazirlar Mahkamasi va boshqa yuqori turuvchi organlar tomonidan qabul qilinadi.

Bu bo‘yicha bir to‘xtamga kelishdan oldin masala atroflicha o‘rganiladi, hamma o‘z fikrini bildiradi, bu jarayonda «O‘zbekneftgaz» AJ taqdim etgan takliflar inobatga olinishi ham, olinmasligi ham mumkin. Biz ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini ko‘zlab, qolaversa, ayni paytdagi bozor kon'yukturasidan kelib chiqqan holda ushbu takliflarni tayyorlaganmiz.

Pandemiya davrida neft mahsulotlarining iste'moli keskin kamayib ketdi. Jumladan, O‘zbekistonda ham. Masalan, respublikamizda pandemiyagacha bir sutkada o‘rtacha 2,5 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich ming tonnaga tushib qoldi.

Xuddi shunday dizel yoqilg‘isining iste'moli ham ikki-uch barobar tushib ketdi. Bu o‘z navbatida bozorga ham ta'sirini o‘tkazmoqda.

– Import qilinadigan benzin mahsulotlari uchun soliq stavkalarining oshirilishidan O‘zbekistondagi iste'molchilar nimani yutishadi? Aholiga bundan qanday foyda bor?

– Judayam to‘g‘ri savol. Bunga ikki tomondan qarash kerak. Yuqorida aytganimday, biz birinchi navbatda neft mahsulotlari xomashyosi uchun aksiz solig‘ini bekor qilishni taklif qilganmiz. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan benzin va tayyor neft mahsulotlari tannarxining tushishiga olib keladi.

Ikkinchi tomonidan aytish kerak, ishlab chiqarish hajmi qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha tannarx kamayishiga olib keladi. Bu so‘zlarimizni eshitganlar nima uchun monopol tashkilot tomonidan bu takliflar berilyapti, deya so‘rashi mumkin. Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerak, «O‘zbekneftgaz» AJ bu bozorda monopol emas. Prezidentimizning 4664-sonli qarorlari qabul qilingandan keyin hozirgi kunda tayyor neft mahsulotlarining barchasi birja savdolari orqali realizatsiya qilinmoqda.

Biz birinchi navbatda bozorda raqobat bo‘lishining tarafdorimiz. Shuning hisobiga 4500 so‘mlik benzin hozirgi kunda 4000 so‘mga tushdi. Bu «O‘zbekneftgaz» AJ narxni belgilab bergani uchunmas, bozor mexanizmlari ishlayotgani uchun.

Yaqinda o‘zim Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida borganimda ko‘rdimki, «O‘zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi AYoQShda AI-80 markali benzin uchun 4000 so‘m narx belgilangan bo‘lsa, ko‘plab xususiy «zapravka»larda ushbu markadagi benzin 3700-3800 so‘mdan sotilmoqda.

Bu – sohada bozor mexanizmlari ishlayotganining tasdig‘idir. Nafaqat benzin, balki dizel yoqilg‘isi bo‘yicha ham shu masalalar ko‘rilmoqda.

Keyinchalik ham tannarxni pasaytirish, bozorda o‘z o‘rnimizni yo‘qotmaslik uchun maksimal darajada sifatli va arzon neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha o‘zimizning strategiyamiz bor. Hozirgi kunda tizimimizdagi neftgaz korxonalari tomonidan nafaqat AI-80 markali benzin, balki AI-92 va AI-95 markali benzinlarni ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali yuqori sifatli benzin bozorida ham o‘z o‘rnimizni topish niyatidamiz.

– Pandemiya kuzatilmaganda bu taklif yuzaga kelarmidi yoki yo‘q?

– Pandemiya davrida butun dunyoda «pereproizvodstva» mavjud, shuning uchun boshqa yirik kompaniyalar zaxirasida mavjud bo‘lgan tayyor mahsulotlarini arzon narxda chiqaryapti. Boshqa davlatlar tomonidan eksport juda qo‘llab-quvvatlanyapti. Mavjud eksport bojlari bir necha baravarga kamaytirilgan. Nafaqat kamaytirilgan, ayrimlari bekor ham qilingan. Bu bozordagi kuchli raqobatni ko‘rsatadi.

Boshqa davlatlar o‘z ishlab chiqaruvchilariga katta yordam beryapti. Pandemiya bo‘lmaganida bunday taklif bizdan chiqmasdi.

Ulug‘bek Ashurov boshqa qator masalalardagi savollarga ham javob berib o‘tdi. To‘liq suhbatni Kun.uz`ning YouTube`dagi kanalida tomosha qiling.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Top