21:46 / 26.05.2020
8555
Rossiyalik milliarderlar pandemiya vaqtida 62 mlrd dollarga boyishdi 

Rossiyada oxirgi 2 oy ichida dollardagi milliarderlar soni 2 nafarga ko‘payib, 101 nafarga yetdi. Rossiyalik milliarderlarning umumiy boyligi esa pandemiya kechayotgan ushbu davr ichida 392 mlrd dollardan 454 mlrd dollargacha ko‘paygan.

Jumladan, Rossiyaning eng boy 5 odamining umumiy boyligi 22,6 mlrd dollarga ko‘paygan va 109,5 mlrd dollarga yetgan. Bu haqda Forbes nashri xabar berdi.

Hisob boshi sifatida 18 mart olingan. Bu vaqtda jahon fond birjalari koronavirus pandemiyasi sababli kuchli qulashni boshdan o‘tkazayotgan edi. 
     
Pandemiya davrida rossiyalik milliarderlar ichida “Norilskiy nikel” egasi Vladimir Potanin eng ko‘p boyigan. Uning boyligi 2 oy ichida 6,4 mlrd dollarga ko‘payib, 26,1 mlrd dollarga yetgan. LUKOYL egalaridan biri Vagit Alekperov 5,6 mlrd dollarga boyib, umumiy kapitali 20,8 mlrd dollarga yetgan. NOVATEK boshqaruv raisi Leonid Mixelson 5,4 mlrd dollarga (umumiy boyligi 22,5 mlrd dollarga yetgan), NLMK egalaridan biri Vladimir Lisin 2,9 mlrd dollarga (21 mlrd dollar) va “Severstal” prezidenti Aleksey Mordashov 2,3 mlrd dollarga (19,1 mlrd dollar) boyigan.

Shuningdek, 2 nafar rossiyalik biznesmen – “Rossium” konserni direktorlar kengashi raisi Roman Avdeyev va “Norebo” guruhi rahbari Vitaliy Orlovning boyligi 1 mlrd dollarga yetib, ular milliarderlar qatoridan joy olgan. 

Bu vaqt ichida Forbes’ning milliarderlar jahon reytingi 25 yetakchisining umumiy boyligi 255 mlrd dollarga ko‘paygan.  

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top