20:29 / 26.05.2020
9403

Sirdaryoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqaror - Agentlik

Hozirga qadar Sirdaryoning suv toshqinidan zarar ko‘rgan hududlarida 5 600dan ortiq test sinovlari o‘tkazilgan bo‘lib, suv toshqini kuzatilgan bo‘lishiga qaramay epidemiologik jihatdan muvozanat saqlab qolinmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov AOKAda o‘tkazilgan onlayn brifingda Sirdaryodagi epidemiologik vaziyat bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Talafot sodir bo‘lgan 1 may kunining o‘zida hududga 386 nafar tibbiyot xodimi jalb qilingan. Ular toshqin kuzatilgan hududlarda aholi salomatligini saqlash bo‘yicha faol harakat qilmoqda. Profilaktik tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 22ta guruh tuzilib, ularga 72 nafardan ortiq vrachlar, 50 nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlar, dezintorlar, dezinstruktorlar kiritilgan», deya qayd etdi Botir Qurbonov.

Brifingda toshqin natijasida boshqa ijtimoiy obektlar singari qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar ham zararlanganini aytib o‘tildi. Ayni paytda bu binolarni ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Tibbiy yordamga ehtiyoji bor fuqarolar esa Guliston shahri va viloyatning boshqa hududlarida joylashgan tibbiyot muassasalarida qabul qilinmoqda.

«Koronavirus infeksiyasi hali yurtimizda bartaraf etilmagan murakkab vaziyatda Sirdaryoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqaror saqlanib turibdi. Buning uchun esa epidemiologik jihatdan xavf tug‘diradigan aholi kontingenti, bemorlar, ular bilan muloqotda bo‘lganlar, boshqa hududdan kelgan va ketayotgan fuqarolar koronavirus infeksiyasiga PsR usulida test topshirib kelyapti», deydi agentlik direktori.

Botir Qurbonovning ta'kidlashicha, hozirga qadar Sirdaryoning suv toshqinidan zarar ko‘rgan hududlarida 5 600dan ortiq test sinovlari o‘tkazilgan bo‘lib, suv toshqini kuzatilgan bo‘lishiga qaramay epidemiologik jihatdan muvozanat saqlab qolinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryo viloyati O‘zbekistonda koronavirus eng oxiri qayd etilgan hudud bo‘lgandi, 14 mayga qadar ushbu viloyatda 34ta zararlanish holati qayd etildi, shundan 13 bemor tuzalgan. 15 may kuni ushbu viloyatdagi bemorlarning barchasi (21 kishi) Toshkent shahriga olib kelingan. O‘tgan vaqt davomida faqat bugun Sirdaryo viloyatida yangi holat qayd etildi - chegara post orqali Rossiyadan kirib kelgan xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchida virus aniqlandi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top