22:26 / 26.05.2020
15884
Statsionar karantindagi fuqaroning bir kuni uchun o‘rtacha 153 700 so‘m sarflanmoqda - SSV

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida statsionar sharoitda tibbiy kuzatuvda bo‘lgan har bir fuqaroning bir kuni uchun o‘rtacha 153 700 so‘m sarflanmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Bahromjon Egamberdiyevga iqtibos keltirgan holda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma'lum qildi.

Quyi Chirchiq tumanidagi karantin hududi / Foto: Qurilish vazirligi

Ta'kidlanishicha, statsionar va uy karantiniga olish tadbirlari boshlangan ilk kunlardan ayni paytga qadar jami 394 181 fuqaro karantinga olingan. Hozirgacha ulardan 348 292 nafari karantindan chiqarilgan.

Shundan, uy karantiniga olingan 305 044 fuqarodan 280 mingdan ortig‘i, statsionar karantinga olingan 89 137 fuqarodan esa 68 286 nafari chiqarilgan.

Ta'kidlanishicha, karantin muassasalariga joylashtirilayotgan fuqarolar shaxsiy gigiyenik va bir martalik vositalar bilan ta'minlanib, muntazam tibbiy kuzatuvga olingan.

«Statsionar karantinga olishdan tortib, karantin muddati tugagach, fuqarolarni o‘z uylariga yetkazib qo‘yishgacha bo‘lgan barcha xarajatlar davlat budjetidan to‘liq qoplanmoqda», – deydi Bahromjon Egamberdiyev.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov karantinga saqlanayotganlar va koronavirusga chalinganlar bilan bog‘liq xarajatlarni aytib o‘tgandi.

Unga ko‘ra, karantinda bo‘lib turgan fuqarolarning har biri uchun 14 kunlik karantinda davrida 2,4 million so‘mdan, koronavirusdan tuzalib, reabilitatsiyaga olingan har bir bemor tiklanishi uchun 2,8 million so‘mdan sarflanmoqda.

Covid-19`dan davolanayotgan o‘rta ahvoldagi har bir bemor uchun 32 million so‘mdan, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan og‘ir ahvoldagi har bir bemor uchun esa o‘rtacha 64 million so‘mdan sarflanmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top