20:47 / 26.05.2020
21902
«Toki Kreml savollarga aniq javob bermas ekan, integratsiya muvaffaqiyatli amalga oshmaydi» - Ekspert YeOII haqida

Yevroosiyo oliy iqtisodiy kengashining yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida YeOIIning 2025 yilgacha bo‘lgan Strategiyasi loyihasi muhokama qilindi. Iqtisodchi Bahodir Eshonov feysbukdagi sahifasida bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan.

Foto: Kommersant' / Anatoliy Jdanov

«Garchi Strategiyani «umumiy tarzda» qabul qilishgan esa-da, fakt jihatidan uni qabul qilish 2020 yilning kuziga qoldirildi. Koronavirus pandemiyasi sharoitida bu hol u qadar katta taajjub ham keltirib chiqarmas edi, agar bir g‘alati vaziyat yuzaga kelmaganida.

Ilgari YeOIIni tanqid qilishda Belarus prezidenti faol bo‘lgan bo‘lsa, bu safar unga Qozog‘iston prezidenti ham qo‘shildi.

Qosim-Jo‘mart To‘qayev Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi tomonidan tayyorlangan Strategiyaning bir qator muhim punktlari bo‘yicha o‘z shubhalarini bildirdi (Uning e'tirozlari mohiyati haqida to‘liqroq Mezon kanalida o‘qishingiz mumkin).

Shu jihatdan olib qaralganda, batafsil tahlilga da'vo qilmasdan, bir necha o‘rinlarga e'tibor qilish mumkin:

1. YeOII ichida koalitsiyalar?

YeOIIning yirik o‘yinchilari — Belarus va Qozog‘iston eng kamida tobora ko‘p savol berishmoqda, ko‘pi bilan esa «Rossiyani tanqid qilib, o‘z manfaatlari uchun kurashishmoqda».

O‘zbekistonning YeOII bilan yaqinlashuv jarayoni shu tariqa yana bir kontekstda hozir bo‘lmoqda.

Bir tomondan, YeOII uchun tashkilot miqyoslarini aynan O‘zbekiston kabi yirik o‘yinchilar hisobiga kengaytirish juda muhim. Boshqa tomondan mudom oson sherik bo‘lmagan yana bir a'zoni qo‘shib olish — ittifoq uchun qiyin sinov bo‘lib chiqishi mumkin.

Hozircha O‘zbekiston faqat kuzatuvchi. Agar u to‘laqonli a'zoga aylangudek bo‘lsa, integratsiyani chuqurlashtirishdan nazarda tutilayotgani tabiiy bo‘lgan iqtisodiy mustaqillikni cheklashga qarshi tashkilotning uch yirik a'zosi birgalikda va muvofiqlashtirilgan tarzda qarshi turish holatini tasavvur qilib ko‘rish mumkin.

Bu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonning hozircha kuzatuvchi maqomida ishtirok etishi nafaqat O‘zbekiston uchun foydali, ehtimol Rossiya uchun ham qiziqarli va foydali bo‘lishi mumkin.

2. Iqtisodiy o‘sish — faqat noaniqlik!

YeOIIda iqtisodiy o‘sish istiqbollari 2019 yildayoq ishonchni oqlamadi. Rossiyadagi 1 foiz atrofidagi o‘sish stagnatsiyaning aks-sadosiga yo‘yildi. Ittifoqning boshqa iqtisodiyotlaridagi o‘sish yuqoriroq bo‘ldi, biroq ular RF bilan savdo-sotiq va kooperatsiyadan ko‘ra ko‘proq Xitoydan kelayotgan investitsiyalar hisobiga sug‘orildi.

Neft narxlarining tushishi va koronavirus oqibatlari fonida Rossiyaning lokomotiv sifatidagi quvvatlari yana obektiv tarzda sustlashadi. Bundan tashqari, neft narxlarining past darajada turishi Rossiyada iqtisodiy modelning tubdan o‘zgartirilishiga olib keladi. Xo‘sh, bu qanday model bo‘ladi?

Yaqin kelajakdagi istiqbolda o‘sish drayveri nima bo‘ladi?

3. Yumshoq kuch

Rossiyada «yumshoq kuch» loyihalari muhim elementdir, tan olish kerak, Rossiyada bunday loyihalar saxiylik bilan moliyalashtiriladi, tajriba to‘plangan, institutlar yo‘lga qo‘yilgan.

Lekin o‘ng‘aysizliklar ham yuz berib turibdi. «Yumshoq kuch» borasida so‘nggi haftalar ichidagi eng katta o‘ng‘aysizlik — Mariya Zaxarovaning O‘zbekistonda rus tili borasidagi chiqishi bo‘ldi.

Bu — O‘zbekistondagi hattoki Rossiyaga xayrixoh qatlamlar ham juda yumshoq qilib aytilganda, xijolat tortib qolganiga misol…

Lekin eng katta savol — bu yumshoq kuch o‘zi bilan nima keltiradi?

  • hududiy kooperatsiyalar loyihalarini qo‘llab-quvvatlashmi?
  • Rossiya prezidenti shu kunlarda tilga olgan «tsivilizatsion muqobillik»nimi?
  • Yoki «rus olami»nimi?

4. G‘oyalar — eng katta taqchillik

Hozir eng taqchil bo‘lib turgan narsa — tushunarli va zarur g‘oya va mafkuraning yo‘qligi bo‘lsa kerak.

«Shuning uchun possovet davlatlari yetakchilari va jamoatchiligida «Rossiya uchun Yevroosiyo ittifoqi kerakmi, kerak bo‘lsa qay ko‘rinishda?» degan savol tug‘ilmoqda. Bu savolga Kreml tomonidan aniq javob berilmasdan turib kelgusida integratsiyani muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirib bo‘lmaydi».

Qolaversa, bunday ko‘rinishdagi savdo tabiiy va normal jarayon ekanligini ham nazardan qochirmaslik kerak. Agar shunisi bo‘lmaganida yomonroq bo‘lar edi. Bu yo tashkilot a'zolarining qat'iyatsizligini, yo tashkilotning o‘zi beqarorligini bildirgan bo‘lar edi.

P.S. Yana bir bor YeOIIga o‘z munosabatimni bildirib o‘tmoqchiman. Men iqtisodiy kooperatsiya tarafdoriman! Lekin men bu ish tariflarni tartibga solishdan boshlanishiga qarshiman. Aksincha, ish shu bilan yakunlanishi kerak. Ishni nafaqat ikkitomonlama savdoni yoki «latta-putta yopingan» reeksportnigina rivojlantirishga turtki beradigan emas, chinakam sanoat kooperatsiyasini yuksaltiradigan bir necha loyihalardan boshlash kerak», – deb yozadi Bahodir Eshonov.

Top