19:57 / 26.05.2020
22033
Xorazm viloyati hozircha koronavirusdan xoli hududga aylandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Xorazm, Samarqand va Namanganda jami 12 kishi koronavirusdan sog‘aygani haqida ma'lumot berdi.

Xorazm viloyatida 3 nafar, Namangan viloyatida 7 nafar hamda Samarqand viloyatida 2 nafar, jami 12 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi.

Endilikda Xorazm ham koronavirusdan xoli hududga aylangan. Bugun tuzalgan 3 nafar bemor viloyatdagi so‘nggi bemorlar edi, shu vaqtgacha viloyatda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan jami 233 nafar bemorning barchasi sog‘aydi.

Vazirlik xabarida ushbu viloyatda hozircha koronavirusga chalingan bemorlar qolmagani qayd etilgan.

Namanganda shifo topganlarning barchasi ushbu viloyatdan (5 nafari Namangan shahri, Uychi va Namangan tumanlaridan 1 nafardan) bo‘lib, 5 nafari erkak, 2 nafar ayol. Ular orasida yoshi kattasi 75 yoshli onaxon bo‘lsa, yoshi kichigi 17 yoshda. Viloyatdan ani paytga qadar 240 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda 247 nafarga yetib, davolanayotganlar 3 nafarni tashkil etmoqda. Ushbu viloyat  ham koronavirusdan xoli hudud bo‘lishga yaqin turibdi.

Samarqandda tuzalganlar ham (30 yoshli va 24 yoshli erkak) ushbu viloyatdan bo‘lib, Toyloq va Samarqand tumanlaridan. Endilikda viloyatda sog‘ayganlar 249 nafarga yetib, davolanayotganlar 89 nafarni tashkil qilmoqda.

Bundan avvalroq Toshkentda 15, Andijonda 2 nafar bemor tuzalgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Shunday qilib, bugun 29 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 2636 nafarni tashkil etmoqda.

Shu vaqtgacha Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Farg‘ona viloyatlari ham koronavirusdan xoli hududlarga aylangandi. Navoiy esa koronavirusdan xoli hudud sifatida qayd etilganidan bir necha kun o‘tib yana yangi kasallanish holatlari aniqlana boshladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top