18:22 / 26.05.2020
9249
Yangiariqda ichimlik suvi muammosi – odamlar quvurlar yorig‘idan oqqan suvni ichishmoqda

Xorazm viloyati Yangiariq tumani «Soburzon» mahallasining ichimlik suvi ta'minotida jiddiy muammolar yuzaga kelgan. Odamlar quvurlar yorig‘idan sizib chiqayotgan suvni ichishga majbur bo‘lishmoqda.

Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyatining Yangiariq tumani, «Soburzon» mahallasida yashovchi fuqarolar ichimlik suvi bilan bog‘liq muammodan shikoyat qilishdi.

2017 yilda mahalladagi Shiddat, Oydin, Munojot va Muhtasham ko‘chalarida ichimlik suvi tarmog‘i ta'mirlanib, yangi quvurlar yotqizilgan. Odamlar «Tuyamo‘yin-Urganch» MSQF Yangiariq tumani bo‘limi bilan shartnoma imzolab, shaxsiy mablag‘lari evaziga tarmoqqa ulanib, oldindan to‘lovni ham amalga oshirishgan. Ammo oradan 3 yil o‘tgan bo‘lsa-da, ichimlik suvi ta'minotidagi muammolar to‘liq hal qilinmagan. Mutasaddi tashkilotlarga bu borada qilingan murojaatlar bo‘yicha turli va'dalar berilgan bo‘lsa-da, muammo o‘z yechimini topmagan.

Hozirgi vaqtda aholiga ichimlik suvi tarmoq orqali kuniga bir marta, muayyan soatda yetkazib berilmoqda. Ammo ko‘chalarning uzoq chekkasidagi uy-joylarga suv yetib bormayapti, borgan taqdirda ham bosim juda pastligi tufayli, undan foydalanish imkoni deyarli yo‘q.

O‘rganish jarayonida mahallaga suv yetkazib beruvchi quvurlar 2 joyda yorilib yotgani ma'lum bo‘ldi.

Jumladan, Oydin ko‘chasining boshidagi ichimlik suvi tarmog‘i qudug‘idan suv sizib chiqyapti va bebaho ne'mat behuda sarflanib, hisobsiz va nazoratsiz tarzda dalaga oqib yotibdi. Bu esa ko‘chaning chekkasidagi uy-joylarga, mahalladagi xususiy bolalar bog‘chasiga suv yetib bormayotgani sabablaridan biri bo‘lishi mumkin. Odamlar mana shu quduq to‘lgan paytda chelaklab suv olib, shuni iste'mol qilishga majbur bo‘lishayotganini aytishdi. Bu holat epidemiologik osoyishtalikka ham xavf solmoqda.

Ikkinchi avariya holati Yangiariq – Xonqa yo‘li chekkasida yuz bergan. Bu joyda ham toza ichimlik suvi quvurdan sizib chiqib, nazoratsiz tarzda dalaga oqib yotibdi.

Mahalla aholisi ichimlik suvi muammosidan qutulish uchun yer ostidan olinadigan sifatsiz suvni ichishga majbur bo‘lmoqda. Ba'zan tozalangan ichimlik suvini sotuvchi tadbirkorlar ham odamlarning og‘irini yengil qilib turishibdi.

Soburzon mahallasi aholisi murojaati yechimi nega 3 yildan beri paysalga solib kelinayotgani bizga qorong‘i.

Shu yil martida bu sohada yangi tartib o‘rnatilgan. Jumladan, Yangiariq tumanidagi ichimlik suvi yetkazib berish va quvurlar ekspluatatsiyasi, ularni ta'mirlash ishlari davlat xususiy sherikchiligidagi «City Building Tale» korxonasiga topshirilgan. Uning rahbari Jahongir Saidov yaqinda ish boshlaganini, Soburzondagi ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolardan xabardorligi, bu borada fuqarolar murojaati borligini aytdi. Bu muammolar o‘rganilib, yechim topilishiga va'da berdi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash har qanday davlatning rivojlanish darajasini ko‘rsatuvchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Toza ichimlik suvi bilan muntazam ta'minlash orqali odamlarning salomatligini muhofaza qilish, ko‘plab yuqumli kasalliklarning oldini olish, ularning ba'zilariga esa to‘liq barham berish mumkin.

Ichimlik suvi ta'minotidagi bu muammolar o‘z yechimini topishiga, bu safar ham yangiariqliklarning «qo‘yni puch yong‘oqqa to‘ldirilmasligi»ga umid qilamiz.

 Nurmuhammad Said 

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top