10:42 / 27.05.2020
22094
Marhamat tumaniga yangi hokim tayinlandi

Prezident administratsiyasi xodimi Bobirbek Yuldashev Andijon viloyatining Marhamat tumaniga hokim bo‘ldi.

Bugun, 27 may kuni kuni Xalq deputatlari Marhamat tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi va ma'ruza qildi.

Shuhratbek Abdurahmonov

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqilib yangi tuman hokimi tayinlandi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, shu kungacha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan ishlash sho‘'basi bosh inspektori lavozimida ishlab kelayotgan Bobirbek Bahodirovich Yuldashev tumanning yangi rahbariga aylangan.

Bobirbek Yuldashev

Bobirbek Yuldashev 1986 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan, 2008 yilda Andijon muhandislik iqtisodiyot institutini (sirtqi) tamomlagan.

2005-2006 yillarda Andijon shahar statistika bo‘limi iqtisodchisi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. 2006-2009 yillarda Andijon viloyati statistika boshqarmasida faoliyat yuritgan, 2009-2018 yillarda Andijon viloyati hokimligida turli lavozimlarda ishlagan, 2018-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan ishlash sho‘'basi yetakchi inspektori sifatida ishlagan, 2019 yildan hozirgacha ushbu sho‘'ba bosh inspektori lavozimida faoliyat yuritayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, 19 may kuni prezident ishtirokida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda tadbirkorlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim tuman va shahar hokimlarini vazifasidan ozod qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi. Xususan, Bo‘stonliq, Muborak, Yakkabog‘, To‘rtko‘l, So‘x tumanlari va Ohangaron shahri qatorida Marhamat tumanida ham tadbirkorlar tomonidan e'tirozlar ko‘pligi ma'lum bo‘lgani aytilgandi.

2017 yildan buyon Marhamat tumaniga hokimlik qilib kelgan Shuhratbek Qamchiyev 2020 yilning 21-22 may kunlarida prezidentning Andijon viloyatiga safari davomida ishdan olindi.

Top