09:30 / 27.05.2020
16278

«Totalitar hazil». Trampning «taxtda qolish orzusi» va saylov qoldirilishi ehtimoli haqida

Noyabrda o‘tishi belgilangan AQSh prezidentlik saylovlari qoldirilishi mumkinligi haqida tobora ko‘proq gapirilmoqda. O‘z navbatida, Donald Tramp umr bo‘yi davlat rahbari bo‘lib qolish uchun saylovlar va ovoz berish jarayonini butunlay bekor qilishga qarshi emasligini aytib, hazillashib ham qo‘ymoqda.

Foto: Reuters

Tramp saylovni keyinga qoldirishga yoki butunlay bekor qilishga urinishi haqida uning asosiy raqibi Jo Bayden ilk bor aprel oyi oxirida gapirgandi.

Darvoqe, sobiq vitse-prezident uch oyga yaqin vaqt davomida, 15 martdan buyon Delaveradagi uyidan chiqmasdan, o‘z tarafdorlari bilan faqat video orqali muloqot qildi: «Mening bu masalada aytgan avvalgi so‘zlarimni eslang, Tramp qanday qilib bo‘lsa ham saylovlarni o‘tkazmaslik payida bo‘lib, uni keyinga surishga urinadi», degan u navbatdagi onlayn muloqot davomida (u 25 may kuni rafiqasi Jilli bilan Ikkinchi jahon urushi qurbonlarini xotirlash uchun tashqariga chiqdi).

Patrick Semansky / AP

So‘rovnomalarga ko‘ra, aksariyat amerikaliklar epidemiya vaqtida Tramp boshliq hukumatning harakatlaridan norozi. Bu esa AQSh aholisi orasida Trampning obro‘si tobora tushib ketayotganini anglatadi. Washington Post-Ipsos qo‘shma tadqiqotiga ko‘ra, so‘nggi paytlarda amaldagi prezidentni qo‘llab-quvvatlash darajasi 43 foizgacha pasayib kelgan. CNN tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi so‘rov natijalari esa saylovchilarning faqatgina 36 foizi Trampning pandemiya vaqtida qilayotgan ishlari to‘g‘ri deb hisoblaydi.

AQSh prezidentini oshkora tanqid qiluvchi demokratlar Tramp qayta saylanish imkoniyatini saqlab qolish uchun prezidentlik saylovlarini kechiktirishi mumkinligiga shubha qilmaydi.

«Tramp o‘zi uchun qazigan siyosiy tuynukning chuqurligini inobatga olgan. Prezident saylovlari oldidan biror kishi haqiqatan ham AQSh prezidenti koronavirusni bahona qilib yaqinlashayotgan prezidentlik saylovlarini kechiktirish yoki bekor qilishdan qo‘rqadi deb o‘ylaydimi?», deb yozadi Fox News telekanalining siyosiy sharhlovchisi Xuan Uilyams The Hill nashriga bergan intervyusida. Ma'lumot uchun, Fox News Trampni qo‘llovchi nashr hisoblanadi.

Oq uyda esa haligacha koronavirus tufayli saylovni keyinga qoldirish ehtimoli haqidagi savolga javob berilgani yo‘q.

«Bunday qarorlarni men qabul qila olmayman. Hatto menda bunday savollarga «ha» yoki «yo‘q» deb javob berish vakolati ham yo‘q. Aytishim mumkin bo‘lgani shuki, hozircha saylovlarni vaqtida o‘tkazish rejalashtirilgan», degan AQSh prezidentining bosh maslahatchisi va kuyovi Jyerad Kushner Time jurnaliga bergan intervyusida.

Saylovni qoldirish haqida gap qayerdan paydo bo‘ldi?

Ohayo shtati gubernatori Mayk Devin 16 mart kuni shtatda demokratlar ishtirokidagi praymeriz (shtatlarda AQSh prezidentini saylaydigan vakillarni aniqlash jarayoni) o‘tkazilishidan bir kun avval koronavirus epidemiyasi sababli keyinroqqa qoldirilgani e'lon qilindi.

O‘shanda gubernator bu qarorni shtat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i doktor Emi Ektonning talabiga binoan qabul qilgan. Bungacha esa shtat gubernatori AQSh shtatlari orasida birinchi bo‘lib, 15 martdan boshlab Ohayo shtatida maktablar, sport klublari va restoranlar kabi jamoat yig‘iladigan joylarni yopish haqida qaror qabul qilgandi.

Sudlardan biri gubernatorning demokratlar praymerizini bekor qilish haqidagi qarorini konstitutsiyaga zid ravishda chiqarilgan degan iddao bilan ham chiqdi. Ammo bunga javoban doktor Ekton shtat ma'muriyati favqulodda vaziyatdan kelib chiqib shunday qarorga kelganini aytdi. Keyinchalik Ohayo Oliy sudi ham shtat ma'muriyatining karantin cheklovlari tufayli praymerizni bekor qilganini qo‘llab-quvvatladi.

Uch hafta o‘tgach, Ohayo shtati ma'muriyati praymeriz bo‘lib o‘tadigan yangi sanani e'lon qildi va jarayon masofadan turib ovoz berish yo‘li bilan amalga oshirilishi belgilandi. Oldindan ovoz berishga ulgurmagan barcha saylovchilar byulletenlarni pochta orqali oladigan bo‘lishdi.

May oyi o‘rtalariga kelib Ohayoda praymeriz masalasida qanday yo‘l tutishlarini AQShning 17 shtati diqqat bilan kuzatib turar edi. Chunki ularda ham shtat ma'murlari epidemiya sababli boshlang‘ich saylovlar vaqtini ortga surishga qaror qilgandi. Shuningdek, mamlakatda epidemiologik vaziyat ancha notinch bo‘lib turgani uchun joriy yilning iyul oyida o‘tkazilishi belgilangan demokratlar partiyasi milliy qurultoyining o‘tkazilish muddati ham bir oy keyinga surildi.

Mahalliy saylovlarni kechiktirish jarayoni aynan Ohayo shtatidan boshlandi va qolganlar undan o‘rnak olib qo‘ya qolishdi. Bu tajribadan mamlakat rahbariyati kuzda bo‘lib o‘tadigan saylovlar paytida ham foydalanishi ehtimoldan xoli emas.

«Agar Oq uy ma'muriyati noyabrgacha Tramp Baydenga yutqazishi muqarrar deb hisoblaydigan bo‘lsa, unda Tramp va uning jamoasi har qanday imkoniyatdan foydalanishga urinadi», deydi Stoni-Bruk universiteti professori, siyosatshunos Jonatan Sanders BBC nashriga bergan intervyusida.

Tramp hokimiyati cheklanmagan XXR raisi Si Tszinpinni namuna sifatida keltirgandi / AFP

Tramp va cheksiz hokimiyat

Gap AQShni qancha muddat boshqarish haqida ketar ekan, Donald Tramp hech qachon Oq uyni 2020 yil noyabrida yoki mabodo ikkinchi muddatga ham saylansa, o‘sha muddat tugagandan keyin ham tark etmasligini ko‘p marta aytgan. Har safar Oq uyni umuman bo‘shatib qo‘yish niyati yo‘qligini aytar ekan, oxirida hazillashayotganini bildiradi yoki «hazil» deb qo‘yadi. Ammo Amerikadek «ishonuvchan» jamiyatni uning hazillari ham xavotirga solyapti. Axir belgilangan muddatdan keyin ham rahbarlikda qolish haqida AQShning oldingi prezidentlari hatto hazillashib ham aytmagan!

Tramp dekabrda Pensilvaniyadagi tarafdorlari oldida qilgan chiqishi davomida ikkinchi muddatga saylanish haqida berilgan savolga javob bera turib «5 yil, 9 yil, 13 yil, 17 yil, 21 yil, 25 yil, 29 yildan keyingina prezidentlikdan ketishi»ni aytadi. Keyin esa «bu matbuotning jig‘iga tegish uchun hazil bo‘lgani»ni qo‘shimcha qilgandi.

Qizig‘i shundaki, Oq uy rahbari Pensilvaniyada gapirgan gapiga o‘xshash «hazil» gaplardan o‘z nutqlarida kamida yigirma marta foydalangan. Masalan, o‘tgan yil boshida Tramp tvitterdagi postlaridan birida saylovlarda g‘alaba qozonib keyingi muddatda ham AQShni boshqarishiga ishora qilib, o‘z lavozimini olti yil ichida albatta tark etishini va'da qilgan va qo‘shimchasiga «Balki 10 yoki 14 yilda tark etarman (hazil)», deb yozgan.

2019 yil mart oyida Floridadagi respublikachilar homiylari oldida nutq so‘zlagan Tramp Xitoy rahbari Si Tszinpinning kommunistik partiya yalpi majlisida davlat rahbari ikki muddatdan ko‘proq hukumatda qolishini taqiqlovchi qoidani bekor qilganini maqtab gapirgan: «Xitoy rahbari endi umrbod prezident bo‘lib qoladi va bu juda zo‘r. Qarang, u buni uddalay oldi. Menimcha, bu juda yaxshi. Ehtimol biz ham bir kun kelib shunday qilishimizga to‘g‘ri kelar», degan Tramp Si Tszinpin haqida gapirib.

Oradan bir oy o‘tib Oq uyda berilgan ziyofat chog‘ida u yana «hokimiyatda yana 10 yoki 14 yil qolishini» ta'kidlagan. 2019 yil may oyida Tramp Arkanzasning sobiq gubernatori Mayk Xakabi va nufuzli evangelist voizi Jyerri Faluellning yozuvlarini tvitterdagi sahifasi orqali ulashdi. Ular Tramp maxsus prokuror Myullerning «demokratlar va matbuotning respublikachilarga xurujlari» bo‘yicha o‘tkazgan tekshiruv sabab ikki yilni behudaga sarflab yuborgani, shuning uchun u nafaqat ikkinchi, balki uchinchi marta qayta saylanishi yoki Oq uyda hukmronlik qilish muddatini ikki yilga uzaytirishi lozimligi haqida yozishgandi.

Tramp hatto o‘zining tvitterdagi sahifasida amerikaliklarga qarata «mening hokimiyatda uzoqroq muddatga qolishimni talab qilinglar» deb taklif qildi.

Tramp tarafdorlarining aytishicha, o‘ziga xos xarakterga egaligi bilan mashhur bo‘lgan AQSh rahbari turli gaplar bilan shunchaki raqiblarini mazax qiladi, xolos. Ammo AQSh prezidentini yaqindan biladigan va u bilan uzoq yillar davomida birga ishlagan odamlar Oq uy rahbari AQShda uzoq yil prezidentlik qilish haqidagi gaplarini hazillashib aytmayotganiga, unda shunday maqsad borligiga ishonishadi.

Yaqinda Trampga soya solgan impichment yuzasidan AQSh Kongressida o‘tkazilgan tinglovda Trampning sobiq shaxsiy advokati Maykl Koen Tramp hatto saylovlarni yutqazgandan keyin ham o‘z lavozimidan ketmasligi mumkinligini aytgan: «Ish tajribamdan kelib chiqqan holda aytaman, janob Tramp 2020 yil kuzida bo‘lib o‘tadigan saylovda yutqazsa ham hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirmasligidan qo‘rqaman», degan u.

Saylov qanday holatlarda kechiktirilishi mumkin?

AQSh konstitutsiyasiga ko‘ra, faqat Kongress prezident saylovlari sanasini ortga surishi mumkin. AQShda prezident saylovlari noyabrning birinchi seshanbasida o‘tkaziladi. Bu qoida 1845 yildan beri o‘zgarmay keladi. Mamlakatning yana uchta federal miqyosdagi qonunlari ovoz berishning ushbu aniq va o‘zgarmas sanasini tasdiqlaydi.

Mart oyi o‘rtalarida Kentukki universitetining saylov huquqlari bo‘yicha professori Josh Duglas tvitterdagi sahifasida mamlakatda hatto favqulodda holat joriy etilishi ham prezident saylovlarini o‘tkazish sanasini o‘zgartirish huquqini bermasligini bildirdi. «Hatto favqulodda holat joriy qilinishi ham konstitutsiyada belgilangan normalarni bekor qilolmaydi», deb yozgan edi professor.

Bundan tashqari, AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan 20-o‘zgartirishda prezident va vitse-prezidentning vakolat muddati 20 yanvar kuni tush paytida tugashi aniq qilib yozib qo‘yilgan. Konstitutsiyaviy huquqlar bo‘yicha mutaxassislar, konstitutsiyadagi o‘sha 20-o‘zgartirish tufayli hatto joriy yil kuzda mamlakatda prezident saylov mutlaqo o‘tkazilmasa ham amaldagi prezident Donald Tramp o‘z faoliyatini 2021 yil 20 yanvar kuni ayni tush paytida to‘xtatishini va har qanday holatda Oq uyni tark etishini aytishmoqda.

Biroq kuzatuvchilar AQSh hukumati konstitutsiya qoidalarini buzmasdan ham koronavirus epidemiyasi ortidan yuzaga kelgan vaziyatdan Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanishi mumkinligiga ishonadi.

Nation jurnali ta'kidlab yozganidek, masalan, saylov kuni respublikachi gubernatorlarni ko‘proq saylab olish uchun demokratlar qo‘llab-quvvatlanadigan saylov okruglarida «koronavirusning yangidan tarqalishi munosabati bilan uylarini tark etishni taqiqlovchi qat'iy karantin e'lon qilinishi mumkin bo‘lgan» vaziyatni tasavvur qilish qiyin emas. Respublikachilar ko‘proq ovoz olishi mumkin bo‘lgan saylov okruglarida bunday choralar joriy etilmaydi va o‘sha okruglarda saylovchilar ovoz berish joylariga tinchgina kelishi mumkin.

Saylovga ta'sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan yana bir vosita bu masofadan turib ovoz berishga qarshilik qilish. Epidemiya holatida AQShning 50 shtatidan 35tasi o‘z fuqarolariga qo‘shimcha shartlar va sabablarsiz masofadan ovoz berish uchun saylov byulletenlarini olishga ruxsat bergan. Yana beshta shtatda pochta orqali ovoz berish tizimi to‘liq joriy etilgan.

Boshqa shtatlar ham epidemiya noyabrgacha tugamasligiga ishongan holda bugun masofadan ovoz berish tizimlarini shoshilinch tarzda ishlab chiqmoqda. Aksariyat amerikaliklar saylov uchastkalariga kelib o‘z sog‘ligini xavf ostiga qo‘yishni xohlamasligi aniq. Shundan kelib chiqsak, noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda aksariyat amerikaliklar masofadan ovoz berishi taxmin qilinmoqda.

Agar saylov masofaviy ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladigan bo‘lsa, aholi tomonidan koronavirusga qarshi yetarlicha kurash olib bormadi deb hisoblanayotgan Trampning saylovda g‘alaba qozonishi oson bo‘lmaydi.

EPA

Bunday vaziyatda saylov natijasi ko‘p jihatdan AQSh davlat pochta xizmati (USPS) qanday ishlashiga bog‘liq bo‘ladi. So‘nggi oylarda Qo‘shma Shtatlardagi pochta aloqasi provayderlari epidemiya paytida aholi tomonidan jo‘natilayotgan pochta hajmining keskin oshishi xizmatni bankrotlik yoqasiga olib kelishi haqida bir necha bor ogohlantirgan. Yil oxiriga borib yo‘qotishlar hajmi 13 milliard dollarga yetishi ham mumkin. Davlat pochta xizmati rahbarlari Kongressning moliyaviy ko‘magisiz ushbu xizmat shu yil sentabr oyida faoliyatini to‘xtatishi mumkin deb hisoblayapti. Tramp pochta xizmatiga yordam berishni xohlamagani ham nimagadir ishora qilgandek...

Aksariyat respublikachilar ovoz berish jarayoni pochta orqali amalga oshirilishi Tramp uchun asosiy tahdid bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi. Aprel oyida AQSh Kongressi pochta xizmatiga davlat xazinasidan 10 milliard dollar miqdorida qarz olishga imkon bergan navbatdagi CARES Act iqtisodiy yordam dasturini tasdiqladi. Tramp ma'muriyati esa ushbu tashabbusni cheklab qo‘yish bilan tahdid qilmoqda.

«Agar pochta aloqasi uchun yordam mablag‘i ajratiladigan bo‘lsa, prezident u qonunni imzolamasligini aniq aytdik. Prezident veto qo‘yish huquqidan foydalanadimi yo‘qmi, bilmayman, ammo Tramp uni imzolamaydi», deydi Washington Post gazetasiga intervyu bergan yuqori lavozimli amaldorlardan biri.

Tramp masofadan ovoz berish natijalarni hisoblashda manipulyatsiya va firibgarlik xavfi yuqori bo‘lishini bir necha bor ta'kidlagan. Shuningdek, u mart oyida Fox News telekanalida kutilmaganda pochta xizmatini qo‘llab-quvvatlashni istamasligini tan oldi. O‘shanda Tramp o‘z gaplarini epidemiya vaqtida pochta xizmatining uzluksiz ishlashi respublikachilar uchun muammo bo‘lib qolishi mumkinligi bilan izohlagandi.

«Kongress tomonidan pochta xizmatiga berish uchun taklif qilingan yordam paketi ovoz berish tempini juda yuqori darajaga chiqarishi mumkin. Agar siz bunga rozi bo‘lsangiz, bu mamlakatda hech qachon qaytib respublikachiga ovoz berishganini ko‘rmaysiz», degan o‘shanda Tramp.

Albatta, saylovni keyinga qoldirish bo‘yicha qandaydir taklif bo‘lishi mumkin, lekin uning o‘z vaqtida o‘tishi deyarli aniq. Trampning muddati o‘tgandan keyin ham prezidentlikda qolishi esa umuman mantiqqa sig‘adigan narsa emas. Bu narsani AQShda qabul qilish imkonsiz. Amerikani o‘zgarmas qonunlar, demokratiya va siyosiy ongi juda yuqori xalqi Amerika qilgan. Ular belgilangan muddatdan keyin ham rahbarlikda qolishni hatto orzu qiladigan odamdan ham nafratlanishadi. Bunday istagini ochiq bildirgan odam esa, Amerika jamiyatida bosh ko‘tara olmay qoladi...

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top