23:28 / 28.05.2020
17655
Dunyodagi eng keksa erkak vafot etdi
Bob Ueyton. Foto: dailystar.co.uk

Britaniyaning Olton shaharchasida sayyoraning ayni vaqtda eng keksa erkagi hisoblangan Bob Ueyton 112 yoshida vafot etdi. Bu haqda Ueyton oilasiga tayanib Press Association axborot agentligi xabar berdi. 

29 mart kuni qariya 112 yoshini qarshilagandi. Biroq u pandemiya sababli tavallud kuni nishonlanishini bekor qilishiga to‘g‘ri kelgan. U ijtimoiy masofa qoidalari sababli dunyoning eng keksa erkagi deb tan olinish uchun Ginness rekordlar kitobi rasmiy vakili bilan uchrasha olmagan. Buning o‘rniga Ueyton yashagan qariyalar uyi xodimlari unga boloxonadan “Tug‘ilgan kuning bilan” qo‘shig‘ini kuylab, xavfsiz masofadan Ginness rekordlar kitobi sertifikatini topshirishgan. Ta'kidlanishicha, qariyaning o‘limiga saraton kasalligi sabab bo‘lgan.

Ueytonga eng keksa qariya nomi 23 fevralda 113 yoshiga to‘lishiga 10 kun qolganda vafot etgan yaponiyalik Titetsu Vatanabedan o‘tgan edi.  

Ueyton Britaniyaga ko‘chib o‘tishdan avval Kanada va Tayvanda yashagan. U o‘z vaqtida bezgakka chalingan va bir nechta jarrohlik operatsiyalarini boshdan o‘tkazgan.

Mutaxassisligi bo‘yicha muhandis bo‘lgan qariya Ikkinchi jahon urushi vaqtida Britaniya imperiyasi uchun samolyotlar ishlab chiqargan zavodda ishlagan. U hayotining oxirgi yillari o‘yinchoq tegirmonlar yasab, ularni taxminan 50 dollardan sotgan va tushgan pullarni xayriya maqsadlariga bergan.

Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, endilikda sayyoraning eng keksa erkagi nomi braziliyalik Olimpio Martins Piresga o‘tadi. 24 avgustda u 112 yoshga to‘ladi.

Ayni vaqtda dunyoning eng keksa odami va ayoli yaponiyalik Kane Tanaka hisoblanib, u 117 yoshda.

Top