21:31 / 28.05.2020
13222

Fotoreportaj: Yashnobodda bolalar milliy tibbiyot markazi

Toshkentning Yashnobod tumanida barpo etilgan Bolalar milliy tibbiyot markaziga press-tur tashkil etildi. Unda tibbiyot maskanining qurilishi, davolash tartibi, zamonaviy texnologiyalar, tibbiy asbob-uskunalar, markaz imkoniyatlari xususida batafsil ma'lumot berildi.

Mazkur tibbiyot markazi hududi 6.17 ga yer maydonida joylashgan bo‘lib, 1 ga yer maydonida Markaz binosi qurilgan. Qurilish ishlari 2018 yilning 26 fevralida boshlangan. Bino kuniga 250 bemor qabul qiladi, yiliga 1,5 mingta noyob texnologik operatsion amallarni bajarishga mo‘ljallangan. Markazda 700ta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.

To‘rt qavatdan iborat muassasada 68ta palata, sig‘imi 20 o‘rinli elektron kutubxona, 170 o‘rinli konferensiyalar zali, 50 o‘rinli oshxona, simulyatsion markaz mavjud.

Eng zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan boyitilgan ushbu markazda pediatriya, neyroxirurgiya, ortopediya, gemodializ, kardioxirurgiya, umumiy xirurgiya, oftalmologiya, onkologiya, LOR hamda reanimatsiya bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Hozirgi kunda yurtimizda neontal radiologiya shifokor maslahatiga ko‘ra neyrosonografiya usulini qo‘llash bilan chegaralangan. Janubiy Koreyada esa neontal radiologiya neyrosonografiya, tos va son suyagini birlashtiruvchi bo‘g‘im UZI diagnostikasi, orqa miya UZI diagnostikasining skrining usulida qo‘llaydi.

Markazda yangi 3ta Tesla quvvati MRT apparati o‘rnatildi. U eng zamonaviy tekshiruv usullarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, vizualizatsiya imkoniyatlarini kengaytiradi. Xususan, MRT perfuziyasini o‘tkazish imkoniyati yaratildi. Bu bosh miyaning ishemik o‘zgarishlarini aniqlashda eng zamonaviy va samarador usul hisoblanadi. Bugungi kungacha yurtimizda bu tekshiruv usulini o‘tkazish imkonini beruvchi MRT apparatlari bo‘lmagan.

Bugungi tibbiyotning asosiy yutuqlaridan biri bu – nuklear tibbiyot. Ya'ni, yadro fizikasining yutuqlarini tibbiyotga tatbiq etish natijasidir. Nuklear tibbiyot organizmda hali hujayra darajasida bo‘layotgan patologik va biologik o‘zgarishlarni aniqlash imkonini beradi. Markazda ikkita zamonaviy davolash apparati bor. PET-KT (Pozitron-emission kompyuter tomografiya) – saraton tashxisini qo‘yish uchun samarali va zamonaviy usuldir. Ushbu apparat kasallikni erta aniqlashga imkon yaratadi. Saraton hujayralarini aniqlash uchun turli radiofarmatsevtika qo‘llanadi.

Boshqa ko‘rish vositalari – ultratovush (UZI), rentgen, kompyuter tomografiyasi, MRT yordamida aniqlanmaydigan o‘simta o‘choqlarini PET-KTda tashxislash mumkin. PET-KTning boshqa diagnostika turlaridan ustunligi shundaki, u mutlaqo xavfsiz, og‘riqsiz davolash imkonini beradi. Preparatning o‘rtacha dozasi 6-8 millikuriyni tashkil qiladi. 

Muassasada tashkil etilgan gemodializ bo‘limi 10 nafar bemorga mo‘ljallangan eng so‘nggi rusumdagi, dunyo standartlariga javob beradigan gemodializ apparatlari bilan jihozlangan. Bundan tashqari, bu yerga mamlakatda yagona bo‘lgan CRRT – uzluksiz buyrak o‘rnini bosuvchi terapiyani amalga oshirish imkoniyatini beradigan uskuna ham olib kelingan. Bu esa og‘ir buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan kichik yoshdagi bemorlarni uzluksiz, 24 soat davomida sun'iy buyrak yordamida toksinlardan tozalash imkoniyatini beradi.

Shuningdek, rentgenografiya, rentgenoskopiya va 2ta mobil rentgen apparati bor. Turli sharoitlarda rentgen tashxislashning zarur usullarini qo‘llash mumkin bo‘ladi. Yuqori aniqlikdagi bir necha UZI apparatlari ham o‘rnatilgan. 

Tibbiyot markazida genetik laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. U bemor naslida qanday kasalliklar mavjudligini aniqlash imkonini beradi.

Markazda kadrlar salohiyatini doimiy ravishda oshirib borishga alohida e'tibor qaratiladi. Xususan, Koreya Respublikasining Pusan milliy universiteti klinikasida 100 nafar mutaxassis malaka oshirib qaytdi. Bundan tashqari, KOICA tashkiloti bilan tuzilgan grant shartnomasi asosida 3 yil davomida markazning 55 nafar shifokor va hamshiralari turli yo‘nalishlar bo‘yicha Seul Milliy universitetining tibbiyot markazida ikki oylik malaka oshirishlari rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, uch yil davomida 20 nafarga yaqin koreyalik mutaxassislarning mazkur markazda ish faoliyatini davom ettirishi ko‘zda tutilgan.

2021–2022 yillarda yuqori nufuzli xalqaro «JCI – Joint comission international» tashkilotining akkreditatsiyasini olish rejalashtirilgan. Kelajakda transplantatsiya yo‘nalishida operatsiyalarni bajarish uchun buyrak, jigar va yurak transplantatsiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Top