16:27 / 28.05.2020
6922
Samarqandda pillani talon-toroj qilish holatlari kuzatilmoqda

Samarqandda pilla xomashyosini talon-toroj qilish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda viloyat IIB Kun.uz`ga ma'lum qildi.

25 may kuni soat 20:00 atrofida Past Darg‘om tumani «Bog‘ishamol» MFYning kirish joyida o‘rnatilgan 5-to‘siq postida hududning profilaktika inspektori katta serjant A.Nuriddinov pillani talon-taroj qilish holatlaridan birini aniqladi. U Ishtixon tumani «Minglar» MFYda yashovchi 1961 yil tug‘ilgan U.X. boshqaruvidagi «Spark» mashinasini to‘xtatib tekshirganda, transport vositasining orqa o‘rindig‘idan jami og‘irligi 81 kilogramm pilla xomashyosi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Shu kuni soat taxminan 20:30 atrofida Ishtixon tumani «G‘afur G‘ulom» MFYda yashovchi 1978 yil tug‘ilgan D.Yu. boshqaruvidagi «Epika» rusumli avtomashina shubhali ko‘ringani sabab profilaktika inspektori safdor U.Muhammadiyev tomonidan tekshirilganda, transport vositasining orqa o‘rindig‘idan jami og‘irligi 67 kilogramm bo‘lgan pilla borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Pilla xomashyosini talon-toroj qilinishiga qarshi kurashda o‘z hissasini qo‘shgan profilaktika inspektorlari katta serjant A.Nuriddinov va safdor U.Muhammadiyevlar moddiy mukofotlangan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda pilla oldi-sotdisi uchun narx belgilanmagan. U tijoriy maqsadda yetishtirilmaydi ham. Pilla asosan davlat buyurtmasiga asosan fermerlar tomonidan yetishtirib beriladi. Jahon bozorida esa pilla xomashyosining bir kilogrammi sifatiga qarab 10-25 dollar atrofida baholangan.

Top