12:45 / 28.05.2020
10261
Toshkent viloyatida yuk mashinasi va eshak arava ishtirokidagi YTHda 2 kishi vafot etdi

Jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandiga qayta malakalangan. 

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 26 may kuni soat 06:00da haydovchi, 28 yoshli Q.J. MChJga tegishli “HOWO” rusumli og‘ir yuk mashinani M-39 “Toshkent-Termiz” xalqaro avtomobil yo‘li orqali “Toshkent-Chinoz” tomonga boshqarib, mazkur yo‘lning Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Mustaqillik ko‘chasida harakatlanib ketayotgan bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, shu vaqtda o‘zi bilan bir yo‘nalishda yo‘lning o‘ng qismida eshak aravani boshqarib ketayotgan fuqaro, 24 yoshli X.V. va turmush o‘rtog‘i 20 yoshli O.V.ni avtomashinaning o‘ng old qismi bilan urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Natijada, X.V. va uning turmush o‘rtog‘i O.V. olgan tan jarohatlari bilan tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan, O.V.ga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan Yangiyo‘l tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yil 27 may kuni X.V. ham ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan. 

Jinoyat ishi JKning 266-moddasi 3-qismi “a” bandiga (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) qayta malakalangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top