23:31 / 28.05.2020
4541
Tramp bilan nizo tufayli Twitter’ni Germaniyaga ko‘chib o‘tishga taklif qilishdi

Germaniya iqtisodiyot vazirligining raqamli iqtisodiyot va startaplar bo‘yicha vakili Tomas Yarzombek Amerikaning Twitter kompaniyasini Germaniyaga ko‘chib o‘tishga taklif qildi.

"Ey, Twitter va Jyek Dorsi (tarmoq asoschisi), bu Germaniyaga ko‘chib o‘tishga taklif. Bu yerda hukumatni tanqid qilish hamda yolg‘on xabarlarga qarshi kurashishda erkin bo‘lasiz. Bizda startaplar va texnologiya kompaniyalari uchun a'lo ekotizim mavjud, kompaniyangiz a'lo darajada o‘rnashadi va men siz uchun barcha eshiklarni ochaman", - deb yozdi Yarzombek Twitter sahifasida. 

U tvitida AQSh prezidenti Donald Trampni qayd etib o‘tishni unutmadi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlarni tartibga solish yoki butunlay yopib tashlash bilan tahdid qilgandi.

Bu Twitter Trampning xabarini “feyk xabar” sifatida belgilaganidan so‘ng yuz berdi. 

Donald Trampning Twitter’dagi xabarida foydalanuvchilarni xabardagi faktlarni tekshirishga chaqiruvchi belgi paydo bo‘lgandi. Tramp o‘z tvitida pochta orqali ovoz berish ko‘p sonli soxtalashtirishlarga olib kelishi mumkinligini aytgandi.  

Trampning xabari ikki qismdan iborat bo‘lib, ulardan har birida endi ko‘k rangli aylana ichida “Pochta orqali ovoz berish haqidagi faktlarga qarang” degan yozuvli undov belgisi qo‘yildi. Ushbu belgiga bosilganda u Twitter’dagi maxsus sahifaga yo‘llaydi. Sahifa Politico nashrining “Tramp pochta orqali ovoz berish natijalarning soxtalashtirilishiga olib kelishi haqida asossiz bayonotlar bermoqda”, deb nomlangan sarlavhali maqolasiga havola bilan boshlanadi.

So‘ngra Tramp aynan nimani noto‘g‘ri aytgani sanab o‘tilgan.

Top