08:18 / 28.05.2020
10138

Yaponiya iqtisodiyoti rasman retsessiya davriga kirdi

Yaponiya iqtisodiyotida ketma-ket ikki chorakda qisqarish kuzatildi. Natijada dunyoning uchinchi eng yirik iqtisodiyotida rasman retsessiya boshlandi.

Foto: AFP/Getty Images

2020 yilning birinchi choragida Yaponiya real yalpi ichki mahsuloti hajmi mavsumiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan 3,4 foizga past bo‘ldi.

Tahlilchilar bu davrda mamlakat iqtisodiyotiga yetgan zararni bundan kattaroq deb baholab, pasayish 4,6 foizni tashkil etishini prognoz qilgandi.

Bu haqda Yaponiya hukumati axborotiga asoslanib, The Diplomat xabar bermoqda.

Pandemiya fonida ro‘y berayotgan inqiroz sharoitida yilning birinchi choragida ishlab chiqarish, eksport va iste'mol xarajatlari ko‘rsatkichlari, umuman mamlakat iqtisodiyotining barcha jabhalarida qisqarish qayd etildi.

Mart oyida Yaponiyada epidemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanib, aprel oyida mamlakatda favqulodda holat e'lon qilingani hisobiga, ikkinchi chorakdagi ko‘rsatkichlar bundan-da salbiy tus olishi kutilmoqda.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, 2020 yilda Yaponiya iqtisodiyoti 20 foizdan ko‘proqqa qisqarishi ehtimoli bor. Agar shunday bo‘lsa, bu Yaponiyada iqtisodiy ma'lumotlar rasman qayd etila boshlangan 1955 yildan keyingi davr uchun antirekord bo‘ladi.

Kunchiqar yurtda retsessiya (ketma-ket ikki chorakda YaIM hajmining qisqarishi) so‘nggi marta 2015 yilda kuzatilgandi.

Odatda turistlar bilan to‘lib-toshadigan Tokio hozir bo‘sh qolmoqda. NHK`ning yozishicha, dunyoning eng ko‘p yo‘lovchi qatnovi amalga oshiriladigan poyezd stansiyalaridan biri – Shinjuku temiryo‘l stansiyasi atrofida piyodalar harakati 70 foizga kamaygan.

Shuningdek, mamlakatda aprel oyida iste'molchilar ishonch indeksi 2008 yilgi moliyaviy inqiroz va 2011 yildagi Fukusima yadroviy portlashidan keyingi holatdan ham pastroqqa tushib ketgan. Eksport esa aprelning birinchi 20 kunida beshdan birga qisqardi.

Umumiy hisobda, Yaponiya inqirozni yumshatish uchun o‘z YaIMning 20 foizdan ortig‘ini sarfladi.

25 may kuni mamlakatning barcha prefekturalarida favqulodda holat rejimi tugatildi.

Garchi yapon hukumatining pandemiyaga qarshi olib borayotgan ishlari tez-tez tanqid qilib turilgan bo‘lsa-da, mamlakatda virusdan zararlanishning kuchli to‘lqini kuzatilmaganini ta'kidlash lozim.

28 may holatiga ko‘ra, Yaponiyada 16,6 ming kishiga Covid-19 tashxisi qo‘yilgan va bu bilan mamlakat bemorlar soni bo‘yicha dunyoda 40-o‘rinda bo‘lib turibdi.

Bemorlarning 846 nafari vafot etdi, 13,8 mingdan ortiq kishi tuzalgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top