08:13 / 29.05.2020
2482
Boston marafoni 124 yillik tarixi davomida ilk bor bekor qilindi

Dunyoning eng nufuzli va uzoq yillik tarixga ega marafonlaridan biri bo‘lgan Boston marafoni koronavirus pandemiyasi sababli bekor qilindi. Bunday holat marafonning 124 yillik tarixi davomida birinchi marta yuz bermoqda.

Foto: Nicolaus Czarnecki / ZUMA Press / Global Look Press

“Bizning asosiy ustuvor vazifa jamiyat, xodimlarimiz, ishtirokchilar, ko‘ngillilar, tomoshabinlar va muxlislar sog‘lig‘ini asrash hisoblanadi”, deb aytgan marafon ijrochi direktori Tom Grilk.

Dastlab joriy yildagi marafon 20 aprelda o‘tkazilishi kerak edi, biroq keyinroq uni 14 sentyabrga ko‘chirishga qaror qilingandi.

Marafonda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tganlarga kirish badallariga sarflangan pul to‘liq qaytariladi. Bundan tashqari, istalgan odam marafonning virtual versiyasida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun marafon masofasini yugurib o‘tib, buning tasdig‘ini taqdim qilish kerak. Virtual marafonda ishtirok etgan barcha sportchilar Boston marafonining rasmiy dasturi, ishtirokchi futbolkasi va medal oladi.

Boston marafoni birinchi marta 1897 yilda o‘tkazilgan. 2013 yilgi marafon vaqtida terakt sodir etilishi oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan, 282 yuguruvchi jarohat olgan edi.

Top