12:00 / 29.05.2020
25354
“Kasallik yengib bormoqda, onamni ham qiynab qo‘ydim” – 44 yoshida ham oila qura olmagan yigit yordamga muhtoj

Kun.uz saytiga turli xil taqdir egalari xayriya maqsadida murojaat qiladi. Toshkent tumanida yashovchi Asad Xoljonov duch kelgan va kurashib o‘tayotgan kasallik ham bir yigit hayotini salbiy tomonga o‘zgartirib yuborishga qodir. Ammo yetarli mablag‘ bo‘lsa va zarur operatsiya o‘tkazilsa, hammasi iziga tushishi mumkin.

Asad Xoljonov

 – 10 yoshimdan beri, ya'ni 34 yildan buyon shu dard bilan olishib kelaman. O‘zimning azoblarim-ku mayli, onamni ham qiynab qo‘yganim og‘ir botadi. Bugungi kunda oyog‘imni operatsiya qildirish uchun 50 mln so‘m mablag‘ zarur, ammo yo‘qchilik qursin, shu pul hech topilmaydi-da, – deydi biz bilan suhbatda Asad aka.

Asad Xoljonovga shifokorlar “Bexterev kasalligi, ikki tomonlama koksartroz III darajasi, og‘riqli sindrom bilan, ikkala tos-son mushaklari kontrakturasi, chap boldir-panja bo‘g‘imi artrozi” degan murakkab tashxis qo‘yishgan. Albatta, bu kasalliklarni butunlay bartaraf qilish qiyin masala, lekin kuchli og‘riq berib turgan bo‘g‘imda operatsiya o‘tkazib, bemorni azobdan xalos qilish imkoniyati bor.

 – Onam bilan yashayman, yoshim ham 44 ga chiqdi. Sog‘ligim bo‘lmagani uchun oila qura olmadim, onam kelinining xizmatidan yayrab yashaydigan yoshda meni parvarishlab yuribdi. Og‘riq shu darajada azob beradiki, ba'zan dunyo ko‘zimga qorong‘i ko‘rinib ketadi. Oladigan nogironlik nafaqam ro‘zg‘or va dorilarga ham yetmaydi.

O‘zbekistonda uyushtirilayotgan xayriya aksiyalarini kuzata turib, menda ham umid uyg‘onib qoldi va Kun.uz saytining saxovatli mushtariylariga murojaat qilmoqchi bo‘ldim. Iltimos, menga yordam beringlar, Allohdan bu yaxshiliklaringiz ko‘p karra qaytishini duo qilib o‘taman, – dedi Asad Xoljonov.

 Aziz hamyurtlar, qo‘li ochiq insonlar!

Saxovat ortidan hech kim kambag‘allashib qolmaydi, aksincha, qilingan xayrlar o‘rni g‘oyibdan to‘laveradi. Eng muhimi – oxirat uchun katta zaxira yaratiladi.

Ko‘pchilikning ozginadan xayriyasi ham bir bemorning darddan forig‘ bo‘lishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Demak yordam qo‘lini uzatishning ayni vaqti.

 Asad Xoljonovga oid ma'lumotlar:

Plastik karta raqami: 8600 0602 0212 7966 (Xalq banki, Asad Xoljonov nomida)

Sberbank: 4276 3801 6597 5314 (tanishi Karimov Nuriddin nomida)

Telefon: +998998514976

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top