21:13 / 29.05.2020
32128
Oqqo‘rg‘on dehqon bozori karantinga yopildi

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani markazidagi dehqon bozori faoliyati 8 iyunga qadar to‘xtatildi.

Foto: Oqqo‘rg‘on tumani hokimligi Axborot xizmati

Viloyat hokimligi bu qarorni «dezinfeksiya ishlari katta formatda olib borilishi» bilan izohlagan.

«Tuman aholisi oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda «Elga xizmat» ta'minot turidan foydalanishi mumkin», – deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Bugun, 29 may kuni Xalq deputatlari Oqqo‘rg‘on tuman kengashining sessiyasida tuman hokimi – kengash raisi Farhod Omonovning koronavirus va uning oqibatlariga qarshi kurash bo‘yicha hisoboti tinglangan. Tuman hokimligi axborot xizmati xabarida hisobot mazmuni keltirilmagan.

Foto: Oqqo‘rg‘on tumani hokimligi Axborot xizmati

O‘zbekistonda hududlarning epidemiologik toifalanishi boshlanganidan buyon, Oqqo‘rg‘on tumani «qizil» hudud sifatida qolmoqda.

27 va 28 may kunlari Toshkent viloyatida aholi orasida bir nafardan fuqaroda Covid-19 aniqlangani ma'lum qilindi. Ammo bu viloyatdagi qaysi tuman yoki shaharda bo‘lgani aytilmadi.

O‘zbekiston rasmiylari koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha tuman va shaharlar kesimida ma'lumot bermayapti.

Toshkent viloyatida aniqlanayotgan holatlar umumiy statistikada Toshkent shahri bilan qo‘shib taqdim etib kelinmoqda.

Bugun, 29 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyatidan karantinga olingan fuqarolardan birida koronavirus aniqlanganini xabar qildi. Shuningdek, bugun Toshkent viloyatidan bo‘lgan 5 bemor poytaxtdagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasidan sog‘ayib chiqdi.

26 may kuni berilgan rasmiy xabarda, so‘nggi 14 kun davomida koronavirus aniqlangan 734 fuqarodan 283 nafari Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar bo‘lgani ma'lum qilingan edi.

29 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Zangiota tumanida barpo etilayotgan ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona qurilishi bilan tanishdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top