10:51 / 29.05.2020
32395
Shofirkon tumaniga kirib-chiqish to‘xtatildi

Buxoro viloyatining Shofirkon tumani «qizil» hududga kiritildi va ushbu hududga kirib-chiqish to‘xtatildi. Tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, tuman hududida shaxsiy transportda harakatlanish cheklangan.

Foto: Shofirkon tuman hokimligi

28 maydan Shofirkonga kirib-chiqish to‘xtatilgan va koronavirusga qarshi kurash tezkor shtabi tuzilgan.

27 may kuni Shofirkon tumanida bitta oilaga mansub 7 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangandi. Bemorlar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan fuqarolardan dastlabki test namunalari olinmoqda. Shofirkonda ko‘chalar dezinfeksiya qilinmoqda.

Tuman markazida joylashgan Star Market supermarketida koronavirusga gumonlangan shaxslar kirib-chiqqani aniqlangani bois 24 maydan shu kunga qadar ushbu savdo majmuasiga kelgan fuqarolar tuman sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markaziga (tel.(65)502-26-57 va (91)449-69-83) murojaat qilib, tegishli tahlillardan o‘tishlari zarurligi so‘ralgan.

Ma'lumot uchun, Shofirkon tumani may oyi boshida maxsus komissiya tomonidan «yashil» hududlar qatoriga kiritilgan. Buxoro viloyatida ham 9 maydan koronavirusga chalinganlar aniqlanishi to‘xtagan, 22 may kuni ushbu viloyatda aniqlangan so‘nggi bemor ham tuzalib, viloyat koronavirusdan xoli hududga aylangandi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top