14:25 / 30.05.2020
7077

AQSh koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekistonda mahkumlarning afv etilishiga yuqori baho berdi

AQSh Komissiyasi shu yil aprel oyida diniy erkinliklar sohasidagi hisobotni e'lon qilgandi. Unda 2005 yildan beri birinchi marta Davlat departamentiga O‘zbekistonni “diniy erkinliklar sohasida alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar” ro‘yxatiga kiritish taklif qilinmagan.

Samuel Braunbek va Nadin Maenza

AQSh rasmiylari O‘zbekiston prezidentining 258 mahkumni, shu jumladan taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashganlarni afv etish to‘g‘risida yaqinda qabul qilingan qarorini yuqori baholadilar. Bu haqda O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi xabar bermoqda. 

Xususan, AQShning diniy erkinlik sohasida maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Samuel Braunbek shunday dedi:

“Biz O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.M.Mirziyoyevga 258 nafar mahbusni, jumladan diniy sabablarga ko‘ra hukm etilganlarni afv etish to‘g‘risidagi qarorini yuksak e'tirof etamiz. Men barcha joylardagi hamma diniy mahbuslarni ayniqsa COVID-19 koronavirusi davrida ozod qilishga chaqiraman”.

AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi raisining o‘rinbosari Nadin Maenza ham ushbu hujjat qabul qilinishini olqishladi. 

“Prezident Sh.M.Mirziyoyevning yaqinda qabul qilingan 258 mahkumni, xususan ayrim diniy mahbuslarni afv etish to‘g‘risidagi qaroridan ruhlandim. O‘zbekistonda din erkinligi sohasidagi izchil rivojlanishni xursandlik bilan kuzatmoqdamiz”, - deya izoh qoldirdi komissiya vakili ijtimoiy tarmoqlarda.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Komissiyasi shu yil aprel oyida diniy erkinliklar sohasidagi hisobotni e'lon qilgandi. Unda 2005 yildan beri birinchi marta Davlat departamentiga O‘zbekistonni “diniy erkinliklar sohasida alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar” ro‘yxatiga kiritish taklif qilinmagan.

Top