11:12 / 30.05.2020
25688
«Ijtimoiy masofa saqlanmayapti, tibbiy niqob haftalab taqilmoqda, karantin cheklovlariga rioya etilmayapti» – IIV

Ichki ishlar vazirligi vakilining ta'kidlashicha, savdo nuqtalarida ijtimoiy masofa saqlanmayapti, odamlar tibbiy niqob haftalab almashtirmasdan taqishmoqda, karantin cheklovlariga rioya etilmayapti.

Oxirgi vaqtlarda karantin cheklovlari yumshatilib, ko‘pgina tashkilot va korxonalarga, tadbirkorlarga ish yuritishga sharoit yaratib berildi, odamlarning ko‘chaga chiqishiga imkon yaratildi. Lekin fuqarolarimiz bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, xavfli yuqumli kasallikdan butunlay xalos bo‘ldik degan tushuncha bilan, karantin qoidalariga bepisand munosabatda bo‘la boshladilar. Bozorlarimizda, savdo nuqtalarimizda ijtimoiy masofa saqlanmayapti, fuqarolar tibbiy niqobni ko‘p kunlar, hattoki haftalar davomida almashtirmasdan taqmoqdalar, ko‘chaga niqobsiz chiqish holatlari kuzatilmoqda. Transportda yurish cheklovlariga rioya etilmayapti”, deyiladi IIVning Telegram’dagi rasmiy kanalida e'lon qilingan videomurojaatda.

Vazirlikning O‘zbekiston aholisiga murojaatida bugungi kunga kelib kasallik aniqlangan fuqarolarimiz soni 3 440dan oshgani, ulardan deyarli 20 foizi hali tuzalmagani, shu paytgacha kasallikdan 14 kishi vafot etgani, 4 kishi og‘ir ahvoldaligi alohida ta'kidlanadi. Qayd etilishicha, 46 ming 600dan ziyod fuqaro karantinda qolmoqda, koronavirusga chalingan 127 nafar bemorning kasallik yuqtirgan manbasi hanuz aniqlanmagan, kasal bo‘lganini hech kimga bildirmasdan yoki koronavirus infeksiyasini yuqtirganini bilmagan holda uy sharoitida davolangan bemorlar haqida ham ma'lumotlar mavjud.

Oxirgi vaqtlarda Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida koronavirus kasalligi aholi orasidan aniqlanayotgani, bu raqamlar har kuni ko‘payib borayotgani, oxirgi ikki kunda Toshkent shahrining o‘zida ularning soni 25tani tashkil etgani fuqarolarning gigiyena qoidalari va belgilangan cheklovlarga bepisand bo‘lishlari natijasidir.

“Ichki ishlar organlari mutasaddi vazirlik va idoralarning xodimlari bilan birga kasallangan shaxslar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolarni aniqlash, ularni tezkorlik bilan karantinga olish bo‘yicha murakkab tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirmoqdalar. Unutmang, kasallik tashuvchi shaxslar o‘zlari bilmagan holda oramizda yurishi mumkin. Shuning uchun, avvalo, o‘zingiz va yaqinlaringiz xavfsizligi uchun niqobsiz yurmang, maqsadsiz ko‘chaga chiqmang, zarurat tug‘ilganda bozor yoki do‘konga tushsangiz, ijtimoiy masofani qat'iy saqlang.

Tartibni saqlab qolish bizning burchimiz, ogohlantirish esa vazifamizdir. Iltimos, sizni jazolashga bizni majbur qilmang. Hech kim yana bir necha oy uyda o‘tirgisi kelmayapti. Vaziyat bungacha borishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘z qo‘limizda.”, deyiladi Ichki ishlar vazirligining o‘zbekistonliklarga yo‘llangan videomurojaaatida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top