19:24 / 30.05.2020
6574

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi

O‘zbekiston prezidenti “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda ko‘rsatilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

bolalar va ularning qonuniy vakillari orasida bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tushuntirish, bola huquqlari va Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyati haqidagi xalqaro hamda milliy normalar qoidalarini targ‘ib qilish;

jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, bolalar hamda ular qonuniy vakillarining bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish orqali bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini ta'minlash;

bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining ijrosini o‘rganish;

o‘z vakolati doirasida bola huquqlari va erkinliklari xalqaro standartlarini qonun hujjatlariga tatbiq etishni hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatida bola huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish;

bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish va ularni himoya qilish holatidan jamoatchilikni xabardor qilish;

imkoniyati cheklangan bolalar, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tarbiya muassasalarini tamomlagandan keyin ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish;

tarbiya muassasalarini tamomlagan uy-joyga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning maqsadli kommunal uy-joy fondidagi belgilangan sanitariya va texnik me'yorlarga hamda qonun hujjatlarining boshqa talablariga javob beradigan turar joy bilan ta'minlanishiga ko‘maklashish.

Qarorda belgilanishicha, Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda bajaradi.

Vakil daxlsizlik huquqidan foydalanadi va u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma'muriy jazoga tortilishi mumkin emas.

Vakilga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.

Vakilni majburiy keltirishga, ushlab turishga, shuningdek, uning shaxsiy buyumlari, yuki, transporti, turar joyi va xizmat xonasini ko‘zdan kechirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qarorga muvofiq, vakil huzurida Bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoatchilik kengashi tashkil etiladi.

Kengash tarkibiga obroʻ-eʼtiborli fuqarolar, olimlar, ekspertlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari kiritiladi.

Top