10:59 / 30.05.2020
5663

Toshkent viloyatida bir kunda 1500ga yaqin karantin qoidalarini buzish holati aniqlandi

15 ta holatda karantin tadbirlarida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik kuzatilgan bo‘lsa, 1 ming 655 nafar fuqaro rasmiy ogohlantirilgan.

Foto: IIBB axborot xizmati

Epidemik vaziyat kelib chiqib, 30 may holatiga Toshkent viloyatining 7 ta tuman-shaharlari (Bekobod shahri, Zangiota, Qibray, Parkent, Yuqori Chirchiq, Yangiyo‘l va Toshkent tumanlari) «qizil» hududga kiritilgan bo‘lsa, 9 tasi (Angren, Chirchiq, Nurafshon va Yangiyo‘l shaharlari, Oqqo‘rg‘on, Bekobod, Quyi Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Chinoz tumanlari) «sariq» toifaga, qolgan 6 tasi (Olmaliq va Ohangaron shahri, Ohangaron, Bo‘stonliq, Bo‘ka, Piskent tumanlari) «yashil» hududlar toifasiga kiritilgan.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirgi kunda IIBB tomonidan infeksiya tarqalishining oldini olish, fuqarolar xavfsizligi va eng asosiysi ularning salomatligini asrash yuzasidan kuchaytirilgan karantin tadbirlari joriy qilingan. «Qizil» toifaga kiritilgan hududlar qat'iy nazoratga olingan.

Ushbu karantin tadbirlariga viloyat IIBBning 1 ming 500 nafar xodimlari jalb qilingan bo‘lib, tun-u kun xizmat olib bormoqda.

29 may kun olib borilgan tadbirlar va o‘tkazilayotgan reydlar davomida fuqarolar tomonidan karantin qoidalarini buzish bilan bog‘liq 1 400 ta holat qayd etildi va qonuniy chora ko‘rildi.

Shuningdek, 15 ta holatda karantin tadbirlarida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik kuzatilgan bo‘lsa, 1 ming 655 nafar fuqaro rasmiy ogohlantirilgan.

Mazkur aniqlangan holatlar bo‘yicha 600 ga yaqini Angren, Olmaliq shaharlari va O‘rta Chirchiq tumanlariga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, karantin qoidalarini buzish holatlari tadbirlar boshidan bugungi kunga qadar 36 ming ortiq bo‘lsa, xodimlarning qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq 1 ming 800 dan ortiq holat aniqlangan. Ushbu aniqlangan holatlarning barchasiga qonuniy choralar ko‘rilgan. Viloyat bo‘yicha 104 mingdan ortiq fuqarolar rasmiy ogohlantirilgan.

Qoidabuzarliklarning 3 ming 500 tasi Angren shahriga to‘g‘ri kelsa, 7 ming 500 ortiq holatlar Yangiyo‘l va Qibray tumanlari hamda Olmaliq shaharlariga to‘g‘ri keladi.

«Shu o‘rinda fuqarolarimizdan so‘rab qolamiz. O‘rnatilgan cheklovlar vaqtinchalik bo‘lib, Siz va oila a'zolaringiz, qolaversa har bir fuqaro salomatligini asrash uchundir. Belgilangan karantin qoidalariga qat'iy amal qilib, 2 metr ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqob taqish va qo‘lqoplardan foydalanish, antiseptik vositalardan foydalangan holda qo‘llarni artish va yuvish qoidalariga qat'iy rioya etishlarini, zaruratsiz ko‘chaga chiqmasliklarini so‘raymiz. Karantin qoidalarini buzish ma'muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi», - deyiladi ma'lumotda.

Top