09:14 / 30.05.2020
6834
Toshkentda 38 500 000 so‘m pulni tortib olgan shaxslar ushlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi va 227-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Joriy yilning 28 may kuni soat 14:20lar atrofida Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchilar A.M., aka-uka D.I. va O.I. Chilonzor-7 dahasidagi uy oldida shu yerda yashovchi F.A. va uning hamkasbi R.Sh.ni kuch ishlatish yo‘li bilan qo‘rqitgan.

IIV axborot xizmati xabariga ko‘ra, ular F.A.ning qo‘lidan ichida 38 500 000 so‘m puli, fuqarolik pasporti va uyining kaliti bo‘lgan ayollar sumkasini tortib olgan. R.Sh.ning qo‘lidagi barsetkasini tortib olmoqchi bo‘lganlarida, u qarshilik ko‘rsatgan, shundan so‘ng ular D.I. boshqaruvidagi “Kobalt” avtomashinasiga o‘tirib, voqea joyidan yashiringanlar.

Ichki ishlar xodimlarining amalga oshirgan chora-tadbirlari natijasida A.M., D.I. va O.I. ushlanganlar.
 
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi va 227-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovni IIB olib bormoqda.

Top