14:33 / 31.05.2020
127048
Koronavirus munajjim va folbinlarni sharmanda qildi

Pandemiya – munajjim, folbin va romchilarning yolg‘onlarini fosh etuvchi bir soat, ularga ishonuvchilar uchun esa iymonga qaytishga chaqiriq bo‘ldi, deb yozadi Islom taraqqiyot banki moliya menejyeri Xondamir Nusratxo‘jayev Telegram'dagi «Islom moliyasi» kanalida e'lon qilingan maqolasida. Azon.uz ushbu maqolani o‘zbek tilida taqdim etdi.

Foto: Shutterstock

Kelajakda sodir bo‘ladigan voqealarni bilishga intilish ba'zi insonlarga tinchlik bermaydi. Bu ko‘pincha ularning ojizliklari yoki e'tiqodining sustligidan darak beradi. Shunday insonlar ko‘pincha munajjimlar bashoratiga ishonish, folbinlarga borish va ularning gaplariga ishonishga moyil bo‘ladilar.

Bugungi kunda koronavirus ularning barchasidagi yolg‘onchilik, ko‘zbo‘yamachilik va kazzoblikni ochib tashladi. Munajjimlar, folbin va romchilarning asl basharasini namoyon qildi. Dunyodagi eng mashhur va «ishonchli» munajjim va folbinlarning YouTube`dagi 2020 yilga turli burjlar uchun ham, umumiy bashoratlarini ham ko‘rib chiqdik. Tabiiyki, ulardan birortasi ham 2020 yilning 5 oyida yuz bergan na koronavirus pandemiyasini, na iqtisodiy-moliyaviy inqirozni, na neft narxlarining qulashini, na fond bozorlaridagi sho‘ng‘ishni bashorat qilgan.

Barchasida faqat safsata va voqelikdan mutlaqo yiroq narsalar to‘g‘risida gap borgan.

Shu sababli, ushbu murojaat nafaqat sizga, balki munajjim, folbin va romchilarning to‘riga ilingan va ularga hamon ishonadigan insonlargadir: ushbu pandemiya haq va botilni ochiq ajratuvchi, kazzoblarning yolg‘onlarini fosh qiluvchi bir soat bo‘ldi. Bilingki, kelajak va g‘aybni bilishga intilish iymondan ayiradi, tashvish, xavotir, iztirob va umidsizliknigina ziyoda qiladi.

Aqldan ozgan odamdek turli yolg‘onlarga ishonmang, insoniy obro‘ va sha'ningizni saqlang. Bilingki, halokatga uchrayotgan samolyotdagi insonlarning burjlari turlicha bo‘ladi, lekin hammasi birga vafot topishi mumkin.

Alloh taolo g‘aybni faqat O‘zi bilishi haqida bir necha oyatlarda marhamat qilgan:

«G‘aybning kalitlari Uning huzurida bo‘lib, ularni uning O‘zidan boshqa hech kim bilmas. U yerdagi, quruqlik va dengizdagi narsalarni biladir. Bitta yaproq uzilib tushmaydiki, magar uni ham biladir. Yer tubidagi bir dona don bormi, ho‘l-u quruq bormi – barchasi ochiq kitobda bordir». («An'om» surasi, 59-oyat)

Ushbu oyati karimadan Alloh taoloning ilmi cheksizligi va bu ilm o‘ziga xos yagona vasfga ega ilm ekani bilib olinadi. Bu ilmning bosh sifatlaridan biri:

«G‘aybning kalitlari Uning huzurida bo‘lib, ularni Uning O‘zidan boshqa hech kim bilmas».

G‘ayb – insondan g‘oyib hodisalar, inson sezgi a'zolari bilan his eta olmaydigan, bilish imkonlari bilan idrok qila olmaydigan hodisalar. Inson o‘zining nechog‘lik bilimdonligi bilan g‘ururlanmasin, uning bilganidan bilmagani ko‘p bo‘lib qolaveradi. O‘sha g‘oyib narsalarni bilishda insonning birdan-bir vositasi bor, u ham bo‘lsa, ilohiy vahiydir. Qolgan barchasi taxmin va gumonlardan boshqa hech narsa emas.

Ayting: «Haqiqat keldi va botil yo‘qoldi. Chunki botil narsa yo‘qoluvchidir». (Isro surasi, 81-oyat)

Xondamir Nusratxo‘jayev,
Islom taraqqiyot banki moliya menejyeri.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top